“Sportni sev, sport bilan yasha!”

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi tomonidan “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida navbatdagi sport musobaqalari tashkil etildi. Unda ishtirokchilar voleybol, basketbol, badminton va mini-futbol sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.

Bellashuvlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati, Toshkent IES, Toshkent IEM, “O‘zbekenergota’mir”, “O‘zenergota’minlash”  va “O‘zenergosozlash” kabi korxonalardan 50 dan ortiq xodimlar ishtirok etdi.

Qiziqarli va ko‘taringki ruhda o‘tgan voleybol bellashuvlarida “O‘zenergosozlash” jamoasining qo‘li baland keldi. “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati vakillari basketbol va badminton bo‘yicha musobaqalarda jismonan puxta tayyorliklarini namoyish etgan holda birinchilikni qo‘lga kiritdi. Mini-futbol musobaqasida esa yakuniy natijalarga ko‘ra Toshkent IES jamoasi g‘olib bo‘ldi. 

— Ma’lumki, energetika sohasida ishlash uchun kishidan mustahkam iroda, yuksak bilim hamda jismoniy baquvvatlik talab etiladi. Shu bois, bu galgi musobaqalar uchun hech bir sport turini shunchaki tanlaganimiz yo‘q. Misol uchun voleybolni oladigan bo‘lsak, u tayanch-harakati apparatini mustahkamlash barobarida, bo‘g‘imlarni chiniqtiradi. Asab tizimiga ijobiy ta’sir etish orqali stress va depressiyani yengishga ko‘mak beradi. Hamda tezkor qaror qabul qilish va harakatchanlikni oshiradi. Bu esa biz energetiklar uchun eng zaruriy fazilatlardan sanaladi,-deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi Anvar Rustamov.

Ma’lumot o‘rnida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash hamda ishchi-xodimlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, salomatliklarini muhofaza qilish maqsadida ommaviy sportni keng joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan edi. Unga ko‘ra, bugungi kunga qadar markaziy apparat va tizim korxonalarida 20 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etildi.

 

Manba: “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ BKUQ matbuot xizmati

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email