“Oʻzbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan jamiyat Markaziy appartining bir guruh xodimlari uchun unutilmas ekskursiya uyushtirildi. Manzil — togʻlar bagʻrida yashiringan, tabiatning noyob neʼmatlaridan biri boʻlgan «Nefrit koʻli».

Koʻlga yoʻl olgan jamoa qalbini Toshkentdan uzoqlashgan sari shahar shovqining oʻrnini musaffo havo, togʻlar sukunati va tabiatning beqiyos goʻzalligi egallay boshladi. Boʻstonliq tumani hududida, Ugom-Chotqol milliy bogʻi bagʻrida, dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan bu koʻl oʻzining zumrad rangli, musaffo suvi bilan har bir sayyohni maftun etadi.

Sayohatning eng qiziqarli qismi esa, albatta, 5–6 kilometrlik piyoda yoʻl boʻldi. Tor soqmoqlar, qiya toshlar va yovvoyi tabiat bagʻridagi bu yoʻl nafaqat sinov, balki haqiqiy sarguzashtga aylandi. Har bir qadamda tabiat bilan uygʻunlik, har bir nafasda erkinlik hissi sezildi. Bu yoʻl ishtirokchilar uchun nafaqat dam olish, balki faol sport mashgʻulotiga teng tajriba boʻldi.

Koʻl boʻyiga yetib kelgan jamoa uchun esa barcha charchoqlar unutildi — zumrad rangda tovlanib turgan suv, atrofni qurshagan togʻlar va musaffo osmon goʻyo yangi kuch va ilhom bagʻishladi. Jamoaviy dam olish, samimiy suhbatlar va birga oʻtkazilgan vaqt xodimlar oʻrtasidagi doʻstlik va birdamlikni yanada mustahkamladi.

Bu kabi sayohatlar nafaqat mazmunli hordiq, balki jamoa ruhini koʻtarish, mehnat samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, jamiyat tomonidan bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Print Friendly, PDF & Email