Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi xotin-qizlar va gender masalalari boʻyicha rais maslahatchisi va Oʻzbekiston Energetika Vazirligining Gender Kengashi raisi oʻrinbosari “Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarida gender zoʻravonlikka qarshi choralarning integratsiyasi” mavzusidagi seminarda ishtirok etdi.

Soʻnggi yillarda Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarida gender zoʻravonlikka qarshi kurash masalasi mintaqaviy darajada dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Har bir davlat oʻz milliy qonunchiligi va strategiyalarini takomillashtirib borayotgan boʻlsa-da, muammoni samarali hal etish uchun integratsiyalashgan yondashuv hamda mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 3–4-dekabr kunlari Qozogʻiston Respublikasining Astana shahrida Osiyo taraqqiyot banki (ATB) koʻmagida “Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarida gender zoʻravonlikka qarshi choralarni integratsiya qilish” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. Ushbu tadbir mintaqada muloqot va tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi.

Seminar Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarida gender zoʻravonlikka qarshi qonunchilik va amaliy mexanizmlarni uygʻunlashtirish, zoʻravonlikni barvaqt aniqlash va unga javob qaytarish boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan almashish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek xalqaro tashkilotlar, nodavlat sektor va davlat organlari oʻrtasida samarali muloqotni rivojlantirish maqsadida oʻtkazildi. Tadbirda Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon hamda Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari delegatsiyalari ishtirok etdilar.

Seminar doirasida asosiy eʼtibor ish joylarida uchraydigan gender zoʻravonlik masalalariga qaratildi. Ishtirokchilarga amaliy study-caselar taqdim etilib, ayollar mehnat faoliyati jarayonida duch kelishi mumkin boʻlgan real vaziyatlar tahlil qilindi. Shuningdek, mamlakatlar delegatsiyalari oʻzlarining yil davomidagi gender siyosati boʻyicha natijalari, amalga oshirgan ishlari va erishgan yutuqlari haqida taqdimotlar oʻtkazdilar.

Tadbirda Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining gender masalalari boʻyicha maslahatchisi Yu. Adilova ekspert va maʼruzachi sifatida ishtirok etdi.

U oʻz maʼruzasida tarmoq kasaba uyushmasi tashkilotlarida ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish, xavfsiz va inklyuziv ish muhitini yaratish, xalqaro vosita va metodologiyalardan samarali foydalanish, davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga xalqaro namunadagi sertifikatlar topshirildi.

Tadbir kasaba uyushmalari uchun mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va energetika sohasida gender tengligini ilgari surish maqsadida yagona platforma sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

Seminarda olingan xalqaro bilim va ilgʻor tajriba kelgusida amaliy faoliyatga tatbiq etilishi belgilandi.

Print Friendly, PDF & Email