O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yangi Angren IES” AJda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida korxona ma’muriyati hamda Kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida e’tiborga muhtoj va kam ta’minlangan ishchi-xodimlarga oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat to‘plamlar tarqatildi.

Mazkur xayrli tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bayram arafasida ishchi-xodimlarning holidan xabar olish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, korxona jamoasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iborat.

“Yangi Angren IES” AJda xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ularga munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bunday ezgu ishlar Kasaba uyushmasi qo‘mitasining ishchi-xodimlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Ayniqsa, yurtimizning eng ulug‘ va aziz bayramlaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir.

Zero, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va mehnatini qadrlash — jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir.

“Yangi Angren IES” AJ jamoasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar ishchi-xodimlarning ijtimoiy farovonligini ta’minlash, ularning kayfiyati va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Print Friendly, PDF & Email