Kitob – bu shaxsning dunyoqarashini kengaytiradigan, fikrlash doirasini charxlaydigan va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda yo‘lchi yulduz bo‘ladigan bebaho xazinadir. Har bir o‘qilgan sahifa insonga yangi tajriba, yangi hissiyot va hayotiy hikmat bag‘ishlaydi. Mutolaa insonni ma’nan boyitib, o‘z ustida ishlashga chorlaydi– deydi #IESbookclub loyihasining navbatdagi mehmoni, Farg‘ona IEM filiali Ekspluatatsiya, mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muhandisi Iqbol Toshxo‘jayev.

O‘zbek adabiyotining durdonalaridan biri bo‘lmish Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani sevgi, sadoqat va milliy qadriyatlarimizni muazzam tarzda ifodalaydi. Asar shunchaki o‘tmish voqealari haqida emas, balki insoniy munosabatlar, or-nomus hamda hayot sinovlarida o‘zligini yo‘qotmaslik haqida chuqur mushohada yuritishga undaydi. Har bir personajning taqdiri kitobxonga ma’naviy mas’uliyat va to‘g‘rilikning ahamiyatini uqtiradi.

Amerikalik yozuvchi Ernest Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi esa inson irodasi, matonati va yengilmas ruhiyati haqidagi ajoyib asardir. Bosh qahramonning dengiz bag‘ridagi ulkan matonati shuni ko‘rsatadiki, insonni mag‘lub etish mumkin, ammo uni yengib bo‘lmaydi. Ushbu kitob har qanday qiyinchilik qarshisida taslim bo‘lmaslikka va maqsad sari sobitqadam bo‘lishga undaydi.

Jahon adabiyotining yana bir yorqin namoyandasi Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari sodda tilda yozilgan bo‘lsa-da, olam-jahon ma’noga ega. Asarda do‘stlik, mas’uliyat, samimiyat va mehr-oqibat kabi insoniy tuyg‘ular bolalarona nigoh orqali teran ochib berilgan. Kitob har bir o‘quvchiga atrofga qalb ko‘zi bilan qarashni va eng muhim narsalar ko‘zga ko‘rinmasligini eslatib turadi.

Jon Kehoning “Shuur har qanday narsaga qodir” kitobi esa insonning ichki imkoniyatlari, fikrlash kuchi va maqsadga erishish psixologiyasini yoritib beradi. Muallif inson o‘z fikrlarini to‘g‘ri yo‘naltirish orqali hayotini tubdan o‘zgartirishi, muvaffaqiyat va xotirjamlikka erishishi mumkinligini amaliy misollar bilan isbotlaydi. Ushbu asar o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni oshirishda tengsiz manbadir.

Print Friendly, PDF & Email