Muqaddas Ramazon oyi insonlarni ezgulikka, mehr-oqibat va saxovatga chorlaydigan, qalblarni poklab, jamiyatda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlaydigan ulug‘ ayyomlardan biridir. Bu muborak oyda savobli ishlarni amalga oshirish, el-yurtga yaxshilik qilish, bir-birimizga mehr ko‘rsatish yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ezgu an’analar davom ettirilgan holda kuni kecha “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan Farg‘ona shahridagi “Jasmin” tantanalar saroyida korxona ishchi-xodimlari hamda soha faxriylari uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Mazkur tadbir samimiy muhitda, mehr-oqibat va e’tibor ruhida o‘tdi.

Dastlab, korxonada uzoq yillardan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan hamda muborak 60 yoshni qarshi olgan xodimlar mehnati alohida e’tirof etildi.

Ularning ko‘p yillik tajribasi, halol mehnati va energetika sohasiga qo‘shgan hissasi yuksak qadrlanib, ularga korxona rahbariyati tomonidan maxsus tayyorlangan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu esa jamoada mehnatga hurmat, katta avlod vakillariga ehtirom va qadriyatlarni asrab-avaylashning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Iftorlik dasturxoni atrofida jam bo‘lganlar ushbu muborak oy ne’matlaridan bahramand bo‘lib, samimiy suhbatlar qurdilar. Tadbir davomida shukronalik duolari qilinib, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik abadiy bo‘lishi, xalqimiz farovonligi, korxona jamoasining ishlariga baraka tilab ezgu tilaklar bildirildi.

Bunday samimiy uchrashuvlar jamoada mehr-oqibatni yanada mustahkamlab, hamjihatlik va birdamlikni kuchaytiradi. Eng muhimi, Ramazon oyining asl mohiyati – saxovat, shukronalik va insoniylik fazilatlari yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Tadbir ishtirokchilari tashkil etilgan iftorlik dasturxonidan mamnun bo‘lib, bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik jamoada yanada katta ruh va birlik bag‘ishlashini ta’kidladilar.

Muqaddas Ramazon oyining fayzi va barakasi barchaning qalbida ezgulik va shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Print Friendly, PDF & Email