Jamoadagi sog‘lom muhit – yuksak ma’naviyat garovi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda xodimlar o‘rtasida odob-axloq, muomala va kiyinish madaniyatini rivojlantirish maqsadida har hafta juma kuni “Ma’naviyat soati” tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi tadbir 2026-yil 13-mart kuni majmua xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Unda Korporativ rivojlantirish xizmati boshlig‘i O.Berdiyev, ushbu xizmat mutaxassisi G.Boymurodova hamda Xotin-qizlar va gender masalalari bo‘limi boshlig‘i D.Osimova ma’ruzalar bilan qatnashdilar.
Tadbir davomida O.Berdiyev va G.Boymurodova tomonidan “Korporativ madaniyat va ish joyida muomala odobi. Jamoat joylarida odob-axloq, muomala va salomlashish odobi, yon-atrofdagilarga munosabat va ular bilan muloqot qilish, odatlar hamda kiyinish qoidalari” mavzusida ma’ruza qilindi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, korxona nafaqat ish joyi, balki inson hayotining katta qismi o‘tadigan ijtimoiy muhit ham hisoblanadi. Shu bois jamoada o‘zini tutish madaniyati, hamkasblarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, muomala odobiga rioya qilish har bir xodim uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Xodimlarning tashqi ko‘rinishi, muomalasi va o‘zini tutishi korxonaning nufuzi va imijini belgilovchi muhim omillardan biri ekani qayd etildi.
Ma’ruza davomida salomlashish madaniyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Odob-axloq qoidalariga ko‘ra, yoshlar kattalarga, erkaklar ayollarga birinchi bo‘lib salom berishi hurmat belgisi sifatida qaralishi, shuningdek, ish muhitida hamkasblarga “Siz” deb murojaat qilish o‘zaro hurmat ifodasi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, jamoat joylarida muomala va muloqot madaniyatiga oid qator tavsiyalar berildi. Jumladan, baland ovozda gaplashmaslik, telefon orqali shaxsiy masalalarni muhokama qilmaslik, yig’ilish vaqtida so‘zga chiqqan kishini diqqat bilan tinglash, gapni bo‘lmaslik kabi qoidalar ishchanlik muhitini saqlashda muhim omil hisoblanishi qayd etildi.
Tadbirda kiyinish madaniyati masalalari ham muhokama qilindi. Ish joyida kiyim-boshning toza, ozoda va tartibli bo‘lishi, ortiqcha bezaklardan xoli bo‘lishi, me’yoridan ortiq ochiq yoki sport uslubidagi kiyimlardan tiyilish ishchanlik muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Shuningdek, atir-upa vositalaridan me’yorida foydalanish, ozodalikka rioya qilish ham ish madaniyatining ajralmas qismi ekani qayd etildi.
Ma’ruzada xodimlarning yon-atrofdagilarga munosabati, jamoada o‘zaro hurmat muhitini shakllantirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi. Navbatga rioya qilish, boshqalarning vaqtini hurmat qilish, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga ko‘maklashish kabi fazilatlar xalqimizga xos qadriyatlar ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ish stolida tartib-intizomni saqlash, g‘iybat va ortiqcha muhokamalardan tiyilish jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida Xotin-qizlar va gender masalalari bo‘limi boshlig‘i D.Osimova ham so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
U o‘z nutqida 2026-yil 4-mart kuni qabul qilingan Prezident farmoni mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Mazkur hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish hamda jamiyatda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, farmon doirasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlari yanada kuchaytirilmoqda. Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, zo‘ravonlik holatlarida ayollarga beriladigan himoya orderi tizimi takomillashtirilayotgani, uning ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilayotgani ham qayd etildi. Bu esa jabrlangan xotin-qizlarning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Nutq davomida erta nikoh va majburiy nikohning oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda mustaqil hayotga tayyor holda oila qurishini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga keng jalb etish hamda og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir yakunida bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni kuchaytirish hamda korporativ madaniyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: