MEHNATNI MUHOFAZA QILISH – USTUVOR YO‘NALISH
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablarini amaliyotga joriy etish bugungi kunda ish beruvchi va kasaba uyushmalari oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Mazkur Nizom ijrosini ta’minlash maqsadida “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJda mehnatni muhofaza qilish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. O‘rganish jarayoni shuni ko‘rsatdiki, tashkilotda ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, korxonada mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlab chiqarish uchastkalarida xodimlar uchun zamonaviy shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash, ular bilan to‘g‘ri ishlash bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish, yo‘riqnomalardan o‘tkazish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish ishlari belgilangan tartibda tashkil etilgan. Yangi ishga qabul qilingan xodimlar uchun dastlabki yo‘riqnomalar, ish jarayonida esa rejalı va rejadan tashqari o‘quvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan jamoat nazorati samarali yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, ish joylaridagi mehnat sharoitlarini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchiga taklif va tavsiyalar kiritib borilmoqda. Bu esa ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olish va xodimlar sog‘ligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘rganishlar davomida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi hujjatlar yuritilishi, yo‘riqnomalarning mavjudligi va yangilanib borilishiga ham alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Korxonada ushbu yo‘nalishdagi ishlar belgilangan talablar asosida olib borilayotgani aniqlandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJda mehnatni muhofaza qilish sohasida ish beruvchi va kasaba uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: