Ushbu bayram tadbiri korxona hududida milliy an’analarimizga xos tarzda o‘tkazilib, unda qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va milliy taomlarimiz keng namoyish etildi.

Sayl davomida rang-barang va did bilan bezatilgan milliy dasturxonlar yozildi. Xodimlar tomonidan sumalak tayyorlanib, uning atrofida kuy-qo‘shiqlar yangradi, dilbar laparlar aytildi. Shuningdek, yurtimizning sevimli milliy taomi — osh damlanib, tadbir ishtirokchilariga tortildi. Bu esa bayramga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Mazkur bayram tadbirida Angren shahar hokimi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, korxona jamoasini samimiy muborakbod etdilar. O‘z nutqlarida ular Navroʻz bayramining insonlar qalbida ezgulik, mehr-oqibat va yangilanish tuyg‘ularini uyg‘otishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, mehmonlar Angren IESning fidoyi ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan samarali mehnatni yuqori baholab, ularning korxona rivojiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdilar. Ayniqsa, jamoaning birdamligi, mehnatsevarligi va mas’uliyat bilan yondashuvi alohida e’tiborga loyiq ekani qayd etildi.

Tadbir yakunida esa eng chiroyli va mazmunli bezatilgan milliy dasturxonlar uchun sex jamoalari kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan munosib taqdirlandi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning ijodkorligi va faolligi e’tirof etildi.

Ushbu bayram sayli nafaqat korxona jamoasining dam olishi, balki ularning o‘zaro hamjihatligini yanada mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Print Friendly, PDF & Email