Xodimlarning dam olish kunlarini mazmunli o‘tkazish, ularning madaniy va ma’rifiy saviyasini oshirish, shuningdek, oila a’zolari bilan birgalikda maroqli hordiq chiqarishlarini tashkil etish “Toshkent IES” AJ Kasaba uyushma qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2026-yil 22-maydagi 5-8-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Qurbon hayiti munosabati bilan ketma-ket besh kun dam olish kunlarini belgilash to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Toshkent IES” AJ Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan korxona ishchi-xodimlari va ularning oila a’zolari uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyabi bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

Sayohatda 50 nafar xodim va ularning yaqinlari ishtirok etdi. Dastlab ular Zangiota majmuasini ziyorat qildilar. Shundan so‘ng 1941–1945-yillardagi urush voqealari va qahramonlik tarixini aks ettiruvchi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, uning pavilyonlari hamda ochiq maydondagi eksponatlari bilan yaqindan tanishdilar. Muzey va ekspozitsiyalar sayohat ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tushlikdan keyin sayohatchilar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu muhtasham va zamonaviy maskan bilan yaqindan tanishdilar.

Sayohat davomida xodimlarimiz yurtimizning tarixiy-madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlari va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib, unutilmas taassurotlar bilan qaytdilar. Bunday tadbirlar jamoa ahilligini mustahkamlash, xodimlarning ma’naviy hordiq chiqarishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Print Friendly, PDF & Email