Joriy yilning 19 noyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan hududdagi tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarning kasaba uyushmasi hamda sex qo‘mita raislari va faollari uchun davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 17 oktyabrda kasaba uyushmalari faxriylari va raislari bilan o‘tkazgan uchrashuvi hamda “11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan yo‘llagan tabrigi mazmun-mohiyati, shuningdek O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyida belgilangan ustuvor vazifalar keng jamoatchilikka yetkazildi. Tadbir davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslari ham ishtirokchilarga targ‘ib etildi.
Davra suhbati jarayonida kasaba uyushmalarining bugungi kunda jamiyat hayotidagi o‘rni, xodimlar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat munosabatlarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qizg‘in o‘tgan tadbir savol-javob tarzidagi ochiq muloqot shaklida kechgani bois yanada ahamiyatli va samarali bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashib, taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Print Friendly, PDF & Email