Ma’rifat – jaholatga qarshi eng samarali vosita
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda xodimlar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Majmua faollar zalida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo’yicha o‘rinbosari, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish bo‘linmasi vakillari, ta’lim sohasi vakillari, korxona rahbariyati hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida bugungi globallashuv sharoitida yoshlarni turli yot g‘oyalar, axborot xurujlari va ma’naviy tahdidlardan asrash, ularda mustahkam hayotiy pozitsiya va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ma’ruzachilar tomonidan loqaydlik va befarqlikning salbiy oqibatlari, ularning oldini olishda oila, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashishda ma’rifatning beqiyos o‘rni xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir savol-javoblar tarzida davom etib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldilar. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv xodimlarning ma’naviy bilim va dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilarda yuksak fuqarolik mas’uliyati, milliy qadriyatlarga hurmat va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: