«Hududgaz Namangan»da ayollar o‘rtasida «Zakovat» intellektual bahsi tashkil etildi
Joriy yilning 15-fevralidan 15-martiga qadar mamlakatimiz bo‘ylab “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostida “Ayollarni e’zozlash” oyligi keng nishonlanmoqda. Mazkur oylik doirasida turli tashkilot va muassasalarda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning bilim va salohiyatini namoyon etishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida ham ayol xodimlarning bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazish, ularning jamoa ichidagi faolligini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual bahsda filialning shahar va tuman bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirok etib, turli sohalarga oid savollarga javob berish orqali o‘z bilim va tafakkurini namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv jarayonida ishtirokchilar nafaqat bilim, balki jamoaviy hamkorlik va tezkor fikrlash borasida ham yuqori natijalarni ko‘rsatdi.
Tadbir yakunida eng faol va bilimdon jamoa aniqlanib, ularga filial boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday tadbirlar ayollarning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, jamoada do‘stona muhitni mustahkamlash hamda ularning mehnatini qadrlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: