Kasaba uyushmalarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv seminar.

2026 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutaxassislari tomonidan “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ binosida “Kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi geologiya korxona, tashkilot va muassasalarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari hamda hisobchilari ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, ularning moliyaviy hamda ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlarini yanada samarali tashkil etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining faoliyati bilan tanishtirildi, kasaba uyushmasi mablag‘larini belgilangan maqsadlarga yo‘naltirish, yo‘llanmalar olish tartibi, ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hamda ish haqi fondi hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar bo‘yicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishda ish beruvchi bilan ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, jamoa shartnomalarini qabul qilish va ularning bajarilishi yuzasidan mehnat jamoalarida muhokama qilish tartibi, 1-TI va 1-JSh statistik hisobot shakllarini to‘ldirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir kasaba uyushmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Print Friendly, PDF & Email