Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida Navro‘z shukuhi!

18.03.2022y. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi PQ-134-sonli “Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori hamda shu mazmundagi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi va “O‘zbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi Rayosatining 2022 yil 11 martdagi №8/6-7 “s”sonli qarorini Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ijrosini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Mazkur chora-tadbirlar rejasiga asosan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va boshqarma kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida boshqarmaning barcha majmua, kon va sex ishchi xodimlari o‘rtasida 2022 yilning 16-17 mart kunlari boshqarma birinchiligi uchun sport musobaqalari o‘tkazildi. 

2022 yil 16 mart kuni “Kultak-Pomuq-Alan” konlari ishchilar shaharchasida sportning voleybol va kurash turlari bo‘yicha sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda  boshqarmaga qarashli  majmua, kon va sexlarda mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlardan tashkil topgan voleybolchilar jamoasi hamda boshqarmaning barcha majmua, kon va sexlarida faoliyat olib borayotgan polvonlar, kurash musobaqasida boshqarma birinchiligini qo‘lga kiritish uchun bellashdilar.

Sport musobaqasining voleybol turida “Quriqlash xizmati” jamoasi 1-o‘rinni, “Ko‘kdumaloq” neft va gaz  konlari majmuasi jamoasi 2-o‘rinni egalladi.

Kurash musobaqasida kurashga tushgan polvonlardan “O‘rtabuloq-Dengizko‘l” neft va gaz konlari majmuasi ishchisi Iskandarov Sherzod 1-o‘rinni, Markaziy kimyoviy tahlilxona ishchisi Gulmurodov Rahmatullo 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.  

Sportning futbol turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa 2022 yil 17 mart kuni, Muborak tumani markazida bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport musobaqasida boshqarmaga qarashli  majmua, kon va sexlarda mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlardan tarkib topgan futbol jamoalari g‘oliblik shohsuppasini egallash uchun yashil maydonda to‘p surdilar. Qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan futbol musobaqasida “O‘rtabuloq-Dengizko‘l” neft va gaz konlari majmuasi ishchi-xodimlaridan tashkil topgan futbolchilar jamoasi 1-o‘rinni, “Ko‘kdumaloq” neft va gaz  konlari majmuasi ishchi xodimlaridan tashkil topgan futbolchilar jamoasi 2-o‘rinni  qo‘lga kiritdi.  

Sport  musobaqalari yakunida boshqarma kasaba uyushma qo‘mitasi tomomidan g‘oliblarga  faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alar topshirildi.

 

 

Manba: Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi KUQ matbuot xizmati

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email