Shirin shahrida “O’zbekiston yoshlar forumi” bo’lib o’tdi

Joriy yilning 20 aprel kuni Shirin shahrida «O’zbekiston yoshlar forumi» bo’lib o’tdi. Forum “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida o‘tkazilgan “Energetiklar marafoni” orqali start oldi. Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va filiallari, energetika, neft-gaz va geologiya korxonalarining 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 100 dan ortiq yoshlari ishtirok etdi. Qatnashchilar 4,5 km masofani bosib o‘tdilar. 

So’ngra forum ishtirokchilari Sirdaryo IESga yondosh hududda, Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida joylashgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan quvvati 1 500 MVt bo‘lgan “ACWA Power Sirdaryo” IESda bo‘lishdi. Uchrashuv korxona bosh direktori va muhandislari ishtirokida o‘tdi. Taqdimot davomida elektr stansiyaning qurilish jarayoni, uning texnik imkoniyatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi. 

Keyingi manzil “Sirdaryo IES” korxonasi hamda  Shirin energetika kolleji bo’ldi. Ishtirokchilar tashrif davomida kollejning imkoniyatlari hamda uning tarixi va yetishtirgan kadrlari to’g’risida ma’lumotlarga ega bo’lishdi.

Mazkur forum doirasida zamonaviy arxitektura yechimlari asosida bunyod etilgan “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi. Yoshlar markazi Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bunyod etildi. Shirin shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston yoshlari forumi” doirasida uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali ochilish marosimi “Rahbar va yoshlar” uchrashuviga ulanib ketdi. Unda Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, Sirdaryo viloyati hamda Shirin shahri hokimligi mutasaddilari qatnashdilar.

Uchrashuvda energetika tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning kattagina qismini yoshlar tashkil etishi, ular o‘z bilim va salohiyatlari bilan sohada ulkan marralarni zabt etish uchun munosib baza ekanligi ta’kidlandi.  

Uchrashuvdan so’ng yoshlar va rahbarlar ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yoshlar markazi” hududiga 200 tupdan ortiq mevali va manzaralari daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.  

Tadbir so’ngida forum ishtirokchilari hamda Shirin shahri aholisi uchun estradamiz yulduzlari ishtirokida konsert dasturi bo’lib o’tdi.

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email