MEHNAT MUHOFAZASINI TA’MINLASH – ISH BERUVCHINING USTUVOR VAZIFASI

28-aprel – Butun jahon mehnatni muhofaza qilish kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi “Issiqlik elektr stansiyalar” AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda seminar tashkil etdi.  

Seminar videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi. Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari va filiallarida mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga mas’ul bo‘lgan 250 dan ortiq xodimlar ishtirok etdi.

Muloqot davomida mehnat muhofazasi bo‘yicha amaldagi talablar, xususan, ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligini ta’minlash, ish joylarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida xavfsiz ish joylarini yaratish, shikastlanishlar sonini kamaytirish, kasb kasalliklarining oldini olish kabi masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda qabul qilingan xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilikka oid normalar xususida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email