Vaqt sinovidan o‘tgan sadoqat: zavod faxriylari bilan uchrashuv

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan sobiq xodimlari yana o‘zlarining aziz maskaniga qaytishdi. Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu uchrashuv doirasida faxriy neftchilar modernizatsiya jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, zavodning bugungi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishdilar.

Zavodning bugungi yutuqlari va keng ko‘lamli modernizatsiya jarayonlari to‘g‘risida faxriy mehmonlarga Farg‘ona NQIZ Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rashidjon Saydaliyev batafsil ma’lumot berdi. U o‘z so‘zida bunday uchrashuvlarning davomli bo‘lishi, tajriba almashish va avlodlar bog‘liqligini mustahkamlashdagi o‘rnini ta’kidladi:

“Faxriylarimiz zavod tarixining jonli guvohlari. Ularning fidokorona mehnati tufayli bugungi yutuqlarimizga erishmoqdamiz. Ularni e’zozlash, hurmat ko‘rsatish bizning muqaddas burchimizdir.”

Tashrif davomida 44 yil mobaynida zavodda mehnat qilgan faxriy neftchi Geraskin Artur Ivanovich ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Bu zavod mening ikkinchi uyim. Shu yerda ishladim, do‘stlar orttirdim, hayotimning eng yaxshi yillarini o‘tkazdim. Bugungi o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘nglimda cheksiz faxr va minnatdorlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Zavod rahbariyatiga va tashkilotchilarga katta rahmat.”

Ekskursiya zavod oshxonasida tashkil etilgan mehmondo‘stlik dasturxoni bilan yakunlandi. Naqshinkor bezatilgan dasturxon atrofida faxriylar zavoddagi yillarini eslab, samimiy suhbatlar qurdilar.

Manba: «FNQIZ» KUQ

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

 

Print Friendly, PDF & Email