“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida mehnat jamoasining kengaytirilgan konferensiyasi tashkil etilib, unda 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yildagi ijrosi yakunlari muhokama qilindi.

Mazkur anjumanda soha vakillari, filial rahbariyati, kasaba uyushmasi mas’ullari hamda hududlardan saylangan delegatlar faol ishtirok etdilar. Yig‘ilish davomida filial rahbariyati hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi tomonidan jamoa shartnomasining ijrosi yuzasidan batafsil hisobotlar taqdim etildi. Hisobotlarda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha yoritildi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud masalalar ham muhokama qilindi hamda kelgusi faoliyat uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Konferensiya jarayonida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasi ham keng muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Xalqaro ishlar bo‘yicha rais maslahatchisi Sobirjon Egamberdiyev so‘zga chiqib, mazkur hujjatning ahamiyati, mazmun-mohiyati va undagi muhim jihatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan “Jamoa shartnomasi” tasdiqlanib, uning ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali hamda kasaba uyushma qo‘mitasining 2025-yildagi faoliyati qoniqarli deb baholandi.

Print Friendly, PDF & Email