Joriy yilning 24–25 iyun kunlari “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining ma’naviyat-ma’rifat, davlat tili va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi tashabbusi hamda Fransiyaning «Expertise France» tashkiloti moliyaviy ko‘magida «O‘zbekiston energetika sohasida gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatida joylashgan tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etgan tadbirlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender siyosati, uning energetika sohasidagi ahamiyati, ayollar liderligi va kasbiy rivojlanish, gender sohasidagi eskicha qarashlarni bartaraf etish, shuningdek, bu boradagi siyosatni amalga oshirish mexanizmlari va strategiyalari bo‘yicha taqdimotlar, muhokamalar o‘tkazildi.

Mazkur seminar-treninglar O‘zbekiston Respublikasining «2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy tadbirlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, jahonning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, sohaga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va xodimlarning bu boradagi bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish mazkur vazifalarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirlar davomida xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarga gender tengligi tamoyillarini ish jarayonlariga tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini berdi.

Print Friendly, PDF & Email