“Uzbekistan GTL” da xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida Respublika Kengashi mutassadilari zavodga tashrif buyurdilar.
Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodi jahon energetika tarmog‘idagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lishi bilan birga dunyoda barmoq bilan sanarli yuqori texnologik sanoat majmuasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish” investisiya loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq qurilib, ishga tushirilgan mazkur majmuada bugungi kunda sanoat va qishloq xo‘jaligi uchun kerakli bo‘lgan 4 xil turdari yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Bugungi kunda zavodda qariyb 1000 nafar xodim, shu jumladan yosh mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliev hamda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mas’ul xodimlari “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘lib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlardagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kasaba uyushma faollariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi vakillari “Uzbekistan GTL” MChJ Tijorat direktori Sarod Yo‘ldoshev bilan ham uchrashdilar. Suhbat davomida ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ijtimoiy sheriklik va uning natijalari, Jamoa shartnomasida mehnatkashlar uchun belgilangan imtiyoz va kafolotlar, ularning bajarilishi yo‘nalishlaridagi ishlar tahlil etildi. Shuningdek, zavodda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Xususan, zavod tibbiyot markazida xodimlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishish jarayonida ushbu maskanning eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangani, oshxonadagi sharoitlar o‘rganilganda esa xodimlar uchun maxsus ovqatlanish tizimi yaratilgani ish beruvchining ham, kasaba uyushma qo‘mitasining ham o‘z ishiga sidqidildan yondoshayotganini namoyon qildi.
Tashrif so‘nggida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ullari hamda “Uzbekistan GTL” MChJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorlikda xodimlar ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish borasida oldinda turgan dolzarb vazifalarni belgilab oldilar.
O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: