Milliy liboslar – milliy qadriyatlar bezagi

O‘zbekistonda ko‘p yillik tarixga ega, o‘ziga xos milliy liboslar shakllangan. Milliy liboslarimiz nafaqat millatimiz ko‘rki, balki ma’naviy mafkuramiz va dunyo tamaddunida tutgan o‘rnimizni ham namoyon etadi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan «XONATLAS» festivali ham milliy liboslarimizni saqlab qolish va targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yil «XONATLAS–2024» festivali doirasida “O‘zbekneftgaz” AJda o‘tkazilgan madaniy tadbirlar ham Jamiyatda faoliyat yuritayotgan ayollarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbir munosabati bilan “Yosh dizaynerlar” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, taniqli dizayner bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbat mavzusi har bir ayol javonidan joy olishi lozim bo‘lgan milliy liboslar haqida bo‘ldi. Dizayner xonatlasning zamonaviy jahon tendensiyalari bilan to‘g‘ri uyg‘unlashtirish masalalari haqida o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, vizajistlardan pardoz qilish sirlari haqida maslahatlar berildi. Milliy liboslar va taqinchoqlar kolleksiyasi namoyish etildi.

Jamiyat tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, qayta ishlash zavodlari, mahsulotlarni saqlash va tarqatish bazalari, ixtisoslashgan ilmiy va o‘quv muassalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga bir kun atlas, adras liboslarida ishga kelishlariga sharoit yaratildi.

Manba: “O‘zbekneftgaz” AJ BKUQ 

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email