Xalqaro ko‘rik-tanlovga start berildi.

Joriy yilning 20-yanvar kunida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi  Respublika Kengashining rayosati va “Qozog‘iston energetiklarining tarmoqaro kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi ijroiya qo‘mitasi «2023 yilda  kasaba uyushmalaridagi faol xotin-qizlar o‘rtasida “Yulduz” xalqaro ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorining imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.  Qo‘shma qarorning imzolash marosimi Toshkent va Ostona shaxarlarda masofaviy tarzda videokonferensaloqa orqali bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi  Respublika Kengashining raisi Qurbanov Shuxrat Turaevich, “Qozog‘iston energetiklarining tarmoqaro kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi raisi Bekbas Orazbek Telbaevich va ikki qardosh mamlakat tarmoq kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Aytib o‘tish joizki, 2022-yilning 23 avgust kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi  Respublika Kengashi va “Qozog‘iston energetiklarining tarmoqaro kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi doirasida hamda 2022 yilning 19-21 oktyabr kunlarida Shimkent shahri va Turkiston viloyatida (Qozog‘iston Respublikasi) bo‘lib o‘tgan “Kasaba uyushmalari harakatida xotin-qizlarning bunyodkorlik o‘rni” xalqaro seminari rezolyusiyasini amalga oshirish maqsadida kasaba uyushmalaridagi faol xotin-qizlar o‘rtasida “Yulduz” halqaro ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning faolligini yanada oshirish, ularning mavqeini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish masalasiga doimiy e’tibor berib kelmoqda. Shu bois, jamiyat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar rolini kuchaytirish va maqomini oshirish, ularning huquqiy hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan ham qator tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.

 Energetika, neft-gaz va geologiya tarmog‘ida jami 192 mingga yaqin ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi, ulardan qariyib 22 mingga yaqin xotin-qizlar tashkil etadi. Binobarin, tarmog‘dagi xotin-qizlar masalasiga kasaba uyushmasi tomonidan juda katta e’tibor qaratilyapti. Ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari jamoa shartnomalarida mustahkamlab qo‘yilgan.

Shu bilan bir qatorda xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish yo‘lida yangi maqsadlar va rejalar belgilab olingan. Qator masalalar bo‘yicha olib borilgan fikr-almashuv va xalqaro muloqotlar tarmoq kasaba uyushmasi  hamjamiyatiga integratsiyasini chuqurlashtirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda.

Ushbu vaqt mobaynida tomonlar ko‘rik-tanlov uchun me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan tayyorgarlik ishlarini olib borishdi. Xususan, “Yulduz” (“Julduz”) xalqaro ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom va tanlov komissiyasining tarkibi shakllantirilib, boshqa tegishli hujjatlar tayyorlandi.

Nizomga ko‘ra, ko‘rik-tanlov bir qator masalalarni hal qilishga qaratilgan. Jumladan,

  • -xotin-qizlarning kasaba uyushmalari faoliyatidagi yutuqlarini jamoatchilik e’tirof etish;
  • kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lishga rag‘batlantirish, ishlab chiqarishdagi ishchi ayollarni kasaba uyushma ishiga jalb qilish;
  • zamonaviy jamiyatda ayollarning asosiy rolini, ularning ijtimoiy faolligini va bandligini ommalashtirish;
  • boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari nufuzini oshirish, kasaba uyushma a’zolarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, kasaba uyushmasining faol a’zolarini aniqlash va kasaba uyushmalari faoliyatini tashkil etishga jalb etish;
  • ishchilarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda ish beruvchilar va kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘rtasida ishchanlik va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish;
  • jamoa shartnomalarini tayyorlash, tuzish va amalga oshirishda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari va ish beruvchilarning sa’y-harakatlarini faollashtirish;
  • mehnat munosabatlarini jamoa shartnoma asosida tartibga solish mexanizmini takomillashtirish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda, mehnat unumdorligini oshirishda xodimlarning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish;
  • xodimlarga milliy qonunchilikka nisbatan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar berish;
  • ijtimoiy va mehnat sohasidagi kelishmovchiliklarni tartibga solish, mehnat nizolarining oldini olish;
  • kasaba uyushmasi a’zolarining birligi va hamjihatligini rivojlantirish;
  • kasaba uyushmalari faoliyatining ilg‘or tajribalarini ommalashtirish;
  • ayollarning ijtimoiy va ishda o‘sishiga to‘sqinlik qiladigan stereotiplarni bartaraf etish.

Ko‘rik-tanlovda xotin-qizlar orasidan tarmoq kasaba uyushmalarining vakillari – kasaba uyushma faollari (saylangan kasaba uyushmasi a’zolari, kasaba uyushma tashkilotlarining ishdan ozod etilgan raislari va to‘liq ozod etilmagan raislari) ishtirok etadilar.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish uchun quyidagi miqdorda (kelishuvga ko‘ra) mukofot jamg‘armasi tashkil etildi.

I o‘rin –   O‘zbekiston milliy valyutasida – 10 000 000 so‘m;

                 Qozog‘iston milliy valyutasida – 400 000 tenge;

II o‘rin –  O‘zbekiston milliy valyutasida – 7 000 000 so‘m;

                 Qozog‘iston milliy valyutasida – 300 000 tenge;

III o‘rin – O‘zbekiston milliy valyutasida – 4 000 000 so‘m;

                  Qozog‘iston milliy valyutasida – 200 000 tenge;

Ko‘rik-tanlov to‘g‘risidagi e’lonlar Kasaba uyushmalarining rasmiy internet-resurslarida (saytlarida) va ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.

Ko‘rik-tanlov davrida komissiya a’zolari Qozog‘iston va O‘zbekistonga o‘zaro tashriflar uyushtirib, ko‘rik-tanlovga tavsiya etilgan kasaba uyushma tashkilotlarida bo‘lib, uning oraliq natijalarini sarhisob qilishda ishtirok etishlari ko‘zda tutilgan.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi 2023-yil 27-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari kunini nishonlash doirasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ko‘rk-tanlovni tashkil etish va o‘tkazish shartlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotni Nizomda (ilovada), shuningdek O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi  Respublika Kengashi huzurida tuzilgan Komissiyadan olishingiz mumkin. Biz O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi  Respublika Kengashining barcha birlashgan va boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarini faol ishtirok etishga taklif qilamiz.

S.S.Egamberdiev,
Y.F.Adilova
                                                             O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari                                                                  kasaba uyushmasi Respublika Kengashi xodimlari

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email