Yoz – o’tmoqda soz. Qoraqalpog‘istonlik va Navoiylik bir guruh bolajonlar Bo‘stonliqda
Xalqimiz bolajon. Ota-onalar dilbandi kamoli uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qiladi. Yoz faslida farzandining ta’tilini maroqli o‘tkazishi uchun sog‘lomlashtirish maskanlariga yuboradi.
Shuningdek, ayni mavsumda turli mehnat jamoalari xodimlarining farzandlariga oromgohlarga yo‘llanma berish ham yaxshi an’anaga aylandi. Xususan, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida shunday xayrli ish yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun Toshkent Janubiy vokzalida aksiyadorlik jamiyati “Taxiatosh IES” hamda “Navoiy IES” filiallari ishchilarining farzandlari kutib olindi. Yetmish ikki nafar bola Bo‘stonliq tumanidagi “G‘azalkent” sog‘lomlashtirish oromgohiga yuborildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ta’til boshlanishi bilan xodimlar farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari navbat bilan yuborilmoqda. Navoiy viloyatidan 50 nafar, Sirdaryo viloyatidan 150 nafar, yana boshqa hududlardan 950 nafar bola mamlakatimizning so‘lim hududlaridagi oromgohlarda dam olib qaytgan.
Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish davomida bolajonlar milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni targ‘ib qiluvchi tadbirlarda ishtirok etadi. Maxsus dastur asosida o‘quvlar, sport musobaqalari tashkil etiladi. Bolalarning sog‘lom ovqatlanish rasioniga qat’iy amal qilinadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari tashabbusi bilan yozgi ta’til davomida jami 2 ming nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Demak, bolajonlarni navbati bilan oromgohlarga yuborish davom etadi.
Manba: IES AJ BKUQ matbuot xizmati
O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: