“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: Xodimlarning farzandlari yozni maroqli o‘tkazmoqda

Tashkilotda, umuman, mehnat jamoasida ish unumdorligini ta’minlovchi omillar bor. Ulardan biri xodimning oilasida xotirjamlik bo‘lishi, farzandlarining baxtiyor yurishidir.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga bugungi kunda oltita issiqlik elektr stansiyasi, uchta issiqlik elektr markazi va uchta soha korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot kiradi. Bu raqamlar ushbu aksiyadorlik jamiyati juda katta jamoa ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Bugungi kunda tarmoqda faoliyat yurituvchi ishchi-xodimlar uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etishgan alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv yili yakuniga yetib, ta’til boshlanishi bilan xodimlar farzandlarini yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbat bilan yuborish yo‘lga qo‘yildi.

Bugun Toshkent Janubiy vokzalida aksiyadorlik jamiyati “Navoiy IES” filiali ishchilarining 50 nafar farzandidan iborat navbatdagi guruhi kutib olindi. Ular Bo‘stonliq tumanidagi “G‘azalkent” sog‘lomlashtirish oromgohiga yuboriladi.

– Yaqinda Sirdaryodan 150 nafar bola “Zomin” sog‘lomlashtirish oromgohiga yuborildi, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Temirbek Bekmirzaev. – Undan oldinroq esa Yakkabog‘ tumanidagi “Sohibqiron” oromgohiga 500 nafar bola joylashtirilgan edi. Bu kabi an’analar jamoamizda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari tashabbusi bilan yozgi ta’til davomida jami 2 ming nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozim, oromgohlarda barcha zarur sharoitlar hozirlangan. Dam oluvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli to‘garaklar ishlaydi. Kutubxona va ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Tibbiy punktlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xavfsizlik choralari ko‘rilganini alohida ta’kidlash lozim.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarining bu kabi xayrli tashabbuslari davom etadi.

Manba: «IES» AJ BKUQ

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email