“Yangi-Angren IES” AJda jamoa shartnomasining 2025-yilda bajarilishi yakunlariga bag‘ishlangan kasaba uyushma qo‘mitasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda korxona rahbariyati, kasaba uyushma faollari hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdi.

Konferensiya davomida jamoa shartnomasining 2025-yildagi ijrosi yuzasidan kasaba uyushma qo‘mitasi va ish beruvchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Hisobotlarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, sog‘lomlashtirish va dam olish tadbirlarini tashkil etish borasida erishilgan natijalar alohida qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan konferensiya ishtirokchilarning taklif va tashabbuslari bilan boyitildi.

Kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2026-yil 1-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan hisobot konferensiyasida ishtirok etish uchun korxonadan delegatlar saylandi.

Tadbir yakunida jamoa shartnomasining ijrosini ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, xodimlar manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Print Friendly, PDF & Email