Qahramonimiz muborak 106 yoshda. U urushni kitoblar yoki filmlar orqali emas, balki tashvishli tunlar, yo‘qotish azobi va yurak titroqlariga to‘la maktublar orqali eslaydi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida “O‘zatom” agentligi xodimlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qunduz ona Usametova xonadonida bo‘lishdi.

Samimiy uchrashuv davomida Qunduz ona front ortida ko‘rgan mashaqqatli yillari, qo‘rquv va og‘riqqa qaramay, Vatan va tinchlik uchun kurashgan insonlar matonati haqida xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

“Urush yillarida og‘ir bo‘lgan. Lekin eng qiyini, yaqinlaringdan xabar kutish va har kuni ularning omon ekanligidan umid qilish edi”, – deya hayajon bilan eslaydi suhbatdoshimiz.

U frontda xizmat vaqtida qo‘lidan jarohat olganini, eng og‘ir damlarda ham odamlarni bir-biriga bo‘lgan mehri va qo‘llovi birlashtirib turganini xotirladi.

“Biz faqat bitta narsani orzu qilardik: tinchlik bo‘lsin, bolalar esa biz ko‘rgan kunlarni ko‘rmasin”, – dedi u qalb iztirobi bilan.

Bugun bir asrni qarshilagan Qunduz ona katta ahil oila bag‘rida hayot kechirmoqda. U 9 nafar farzand, 35 nafar nevara va 11 nafar evaraning mehribon onasi, duogo‘y buvijonisidir. Uning har bir so‘zida hayotga muhabbat, cheksiz sabr va insonga xos buyuk mehr seziladi.

Bu uchrashuv barchada chuqur taassurot qoldirdi. Qunduz ona kabi jasur, matonatli va sabrli insonlarning hayot yo‘li yosh avlod uchun haqiqiy ibrat namunasi. Ularning xotiralari, boy hayotiy tajribasi va tinchlikning qadri haqidagi pand-nasihatlari bugungi va kelajak avlodlar uchun bebaho maʼnaviy merosdir.

Print Friendly, PDF & Email