“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Nukus shahrida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida Yoshlar forumi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 500 dan ko‘proq yosh energetiklar ishtirok etdi.
Forumning ilk kunida Nukus shahridagi “Oqqush” ko‘rgazma pavilonida  ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, shaxmat va shashka musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi ko‘rgazmalar tashkillashtirildi. Tadbirlarda ishtirok etgan yoshlarning har biri o‘zlarining nafaqat tanlagan sohasi mutaxassislari, balki keng dunyoqarashga ega ekanliklarini ham namoyish qila olishdi. Ayni shu tufayli forum dasturidan joy olgan bahslar, ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish paydo etdi. Agar shaxmat, shashka, intellektual musobaqalari davomida ular o‘zlarining bor mahorati va iqtidorini ishga solishgan bo‘lsalar, «An’ana, urf-odat va qadriyat» ko‘rik tanlovida yoshlar xalq qo‘shiqlari, laparlar, dostonlardan parchalar ijro etib va milliy liboslar namoyishini tashkil etib ma’naviy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, milliy an’analarimizni keng targ‘ib qilish hamda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan Forum ishtirokchilari uchun Taxtako‘pir tumanidagi Qarateren ko‘lidagi dam olish maskanida katta konsert tashkil qilindi. Mazkur forum yosh energetiklarni bir maqsad atrofida birlashtirib, ular uchun o‘ziga hos bilim va tajriba almashish maydoniga aylandi. 

Print Friendly, PDF & Email