Toshkentda «INNOPROM–2022» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
25 aprel kuni “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida start olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasida dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatidan kelgan turli soha vakillari mehmon bo‘lib turibdi. Uch kun davomida ishtirokchilarning professional muloqot maydoniga aylangan tadbir yurtimizning iqtisodiy, investisiyaviy, sanoat hayotidagi yana bir muhim voqelik bo‘ldi. Unda “O‘zbekiston energetika,neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi” ning Sh.Raxmonov – mehnat texnik inspektori, Sh.Usmanova – yoshlar ishlari bo‘limi va R.Nurgaliyeva xalqaro ishlar bo‘limi yetakchi mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Belorus, Vengriya, Fransiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari ishtirok etdi. Ishtirokchi davlatlar ko‘rgazma maydonining metallurgiya va materiallar, sanoat avtomatlashtirilishi, mashinasozlik va uning qismlarini ishlab chiqarish singari bo‘limlarida o‘z stendlarini o‘rnatib, mahsulotlarini namoyish etdilar.
Joriy yilgi ko‘rgazmaning ko‘lami yanada keng bo’lib, bu gal Toshkent yirik investor va yuqori darajadagi mehmonlarni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasining investisiyaviy hamda iqtisodiy salohiyati bilan tanishish, o‘zaro konstruktiv muloqot qilishga taklif etdi. Bu tashabbus xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o‘rinbosari — investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligida o‘tgan ko‘rgazmani ochib berish majlisida mehmonlar bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Xalqaro ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad ham sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targ‘ib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Bunda davlatlarning o‘zaro yakdillik, do‘stlik munosabatlari asosiy jihatga aylanishi muhim.
“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida shunday muhit yaratilganini payqash qiyin emas. Ko‘rgazma maydoniga kiraverish qismi yurtimizning milliy hunarmandchilik mahsulotlari, zar cho‘ponu, atlas-adras liboslari bilan bezatilgan. Maydonning asosiy ko‘rgazmalar qismida esa mehmonlar o‘z burchaklarini yaratib, sanoat mahsulotlarini namoyish etishmoqda. Taklif etilayotgan brendlarning aksariyati yangi turdagi, eng zamonaviy mahsulotlar hisoblanadi.
Ko‘rgazmaning Tojikiston davlatiga tegishli burchagi o‘ziga xos dizayni bilan, ayniqsa, ajralib turibdi. O‘zbekona uslubga yaqin milliylik, qardosh xalq vakillarining iliq samimiyati pavilyon muhitiga hamohang. Ko‘rgazmada Tojikistonning metallurgiya, farmasevtika, mashinazozlik, yengil sanoat sohalarida ishlaydigan 20 ga yaqin kompaniyalari ishtirok etmoqda. Stendlardan tayyor kiyim-kechak, tekstil mahsulotlari, gilamlar, kamyob toshlar, qimmatbaho metallar joy olgan.
Xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ilk kunidayoq kompaniyalar o‘rtasida shartnomalar imzolash marosimlari ham bo’lib utdi. Xususan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashildi, shuningdek, Rossiyaning Omsk viloyati va O‘zbekistonning Jizzax viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Ushbu xalqaro tadbirni chin ma’noda sanoat haftaligi, deyish mumkin. Chunki bu boradagi o‘nlab dastur va missiyalar, uchrashuvlar va kelishuvlar tomonlar manfaatlarining kesishgan nuqtalarini topish istagini birlashtirib, mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va xalqaro ishtirokchilarga yangi bozorlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishda yordam berdi.
O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: