HAMKORLIKDA AMALIY SEMINAR

2023 yil 28 mart kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashining majlislar zalida  O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda, tizimdagi  korxona va tashkilotlarning kasaba uyushmalarida saylangan mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchi vakillar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining bosh mehnat texnik inspektori S.Saidmaxmudov, tarmoqqa a’zo “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali, “Navoiy neft bazasi” MChJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy filiali, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” hamda “Qizilqum dala geologiya qidiruv ekspedisiyasi” filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari hamda jamoatchi vakillar ishtirok etdilar.

Seminarni Navoiy viloyat kengashi raisining o‘rinbosari N.Isoqov ochib berib, sohada olib borilayotgan islohotlar, kasaba uyushmalari tomonidan qilinayotgan samarali ishlar hamda saylangan vakillar tomonidan amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazorati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.

Respublika kengashining bosh mehnat texnik inspektori seminar ishtirokchilariga “Mehnat muhofazasi bo‘yicha saylangan vakillar, ularning huquqlari, vazifalari, imtiyoz va kafolatlari” to‘g‘risida ma’ruza qilib, vakillarni ish beruvchilar tomonidan o‘qitilishi, vakillar tomonidan jamoatchilik nazorati o‘z vaqtida sifatli olib borilishi, sidqidildan ish olib borgan vakillar rag‘batlantirilishi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

Navoiy viloyat kengashining mehnat texnik inspektori o‘z ma’ruzasida, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 1996 yil 14 avgustda 273-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizom” talablari, korxona va tashkilotlarda uch bosqichli ma’muriy nazoratni olib borish tartibi hamda O‘zbekiston Respublikasining Yangi mehnat kodeksida mehnat muhofaza qilish bo‘yicha kiritilgan yangi normalar va o‘zgarishlar bo‘yicha gapirib o‘tdi.

Amaliy seminarda “Hududgaz Navoiy”, gaz ta’minoti va “Qizilqum dala geologiya qidiruv ekspedisiyasi” filiallari kasaba uyushma raislari, jamoatchi vakillari so‘zga chiqib, o‘z tashkilotlarida olib borayotgan faoliyatlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma’ruzachilardan javob oldilar.

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email