O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasining II Qurultoyi bo‘lib o‘tdi

2025-yil 1-avgust kuni “Geologiya fanlar universiteti”ning Faollar zalida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasining navbatdagi II Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Mirzamahmudov Jo‘rabek Tursunpulatovich, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Islamov Bobir Farxodovich, Oliy Majlis Senati a’zosi, Senator, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Ermatov Husan Tohirovich, shuningdek, tarmoq tizimidagi tashkilotlardan saylangan 67 nafar delegat ishtirok etdi.

Qurultoy ishini O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Kurbanov Shuxrat Turayevich ochib berdi. U o‘z so‘zida Qurultoy ishtirokchilarini samimiy tabriklab, kasaba uyushmalarining bugungi kundagi o‘rni va mas’uliyatiga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng so‘z navbati vazirlarga berildi. Ular o‘z chiqishlarida kasaba uyushmalarining sohaga qo‘shayotgan hissasi, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi roli, shuningdek, soha rivoji uchun kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalishdi.

Qurultoy kun tartibiga muvofiq, avvalo Qurultoyning ishchi rayosati saylab olindi. Undan so‘ng Respublika Kengashi raisi Sh.T.Kurbanov tomonidan O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasining 2020–2025-yillar mobaynidagi faoliyati yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi.

So‘ngra Taftish komissiyasi o‘zining besh yillik faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobotini o‘qib eshittirdi. Har ikkala hisobot Qurultoy delegatlari tomonidan bir ovozdan qoniqarli, deb topildi.

Qurultoy kun tartibidagi muhim bandlardan biri – saylov jarayonlari bo‘ldi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra: Kurbanov Shuxrat Turayevich, To‘xtayev Saidmurod Saidmaxmudovich, Ismoilov Oybek Isanovichlar O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi va rais o‘rinbosarlari etib qayta saylandilar.

Delegatlardan tushgan takliflar asosida Qurultoy davomida:

  • Kasaba uyushmasi Respublika Kengashining yangi tarkibi,
  • 5 nafardan iborat Taftish komissiyasi va uning raisi,
  • O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qurultoyida ishtirok etuvchi delegatlar,
  • Federatsiyaning Bosh kengashiga vakillar ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylab olindi.

Qurultoy yakunida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasining yangi tahrirdagi Ustavi hamda Harakatlar dasturi delegatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Mazkur Qurultoy tashkilotning faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda soha xodimlarining manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yanada yaxshilash va kasaba uyushmasining rolini kuchaytirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email