“Yangi Angren IES” AJda ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamoada do‘stona muhitni mustahkamlash maqsadida sport tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda korxona ishchi-xodimlari o‘rtasida ishdan tashqari vaqtda har chorshanba kuni voleybol musobaqalari muntazam ravishda tashkil etilmoqda.

Musobaqalarda turli sex va bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar jamoalari ishtirok etib, o‘zaro bellashuvlarda chaqqonlik, jamoaviy hamjihatlik va sport mahoratlarini namoyish etmoqda. Qizg‘in va murosasiz kechayotgan bahslarda ishtirokchilar nafaqat sportdagi mahoratini, balki jamoa bilan birgalikda harakat qilish qobiliyatini ham namoyon etmoqda.

Bunday sport musobaqalarining muntazam tashkil etilishi xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda mehnat jamoasida do‘stona va sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

“Yangi Angren IES” AJ rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan kelgusida ham ishchi-xodimlar o‘rtasida turli sport musobaqalarini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va xodimlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Sport — salomatlik garovi, jamoaviy hamjihatlik va yuqori kayfiyat manbaidir!

Print Friendly, PDF & Email