Energetika tizimida gender tengligiga bagʻishlangan strategiya taqdimoti boʻlib oʻtdi

Bugun, energetika tizimida muhim qadamlardan biri sifatida, “Gender tenglikka erishish strategiyasi”ning rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Ushbu Strategiya Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Energetika vazirligi, hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida ishlab chiqilgan. Uning asosiy maqsadi – energetika sohasida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish, rahbarlik lavozimlarida ularning ishtirokini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va gender stereotiplarini bartaraf etishga qaratilgan.

Taqdimotda energetika tizimiga kiruvchi barcha tashkilotlardan gender masalalari boʻyicha masʼul xodimlar ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga strategiyaning asosiy yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari, amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan ushbu strategiya nafaqat hujjat sifatida, balki amaliy mexanizm sifatida muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Qatnashchilar ushbu tashabbus energetika tizimidagi barqaror rivojlanish va ijtimoiy adolatga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email