Hududgazta’minot tizimidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqish va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filialida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar bilan samimiy suhbat qurish, ularning ichki dunyosi, qiziqishlari va muammolarini o‘rganish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuvda filial va uning bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan faol yosh xodimlar ishtirok etib, o‘zlariga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, bilim va salohiyatlarini to‘liq namoyon etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir davomida Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi R. Muradov tomonidan “Hududgazta’minot” AJning 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 11-bandi — “Yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar va kafolatlar” yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, jamoada samarali mehnat qilib, fidoyilik, tashabbuskorlik va faollik namunasini ko‘rsatgan bir guruh yoshlar Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida filialda turli sport tadbirlari ham muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi va Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan sportning shaxmat, shashka hamda stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Sportga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlar bellashuvlarda faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. G‘olib va faol ishtirokchilar Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandilar. Mazkur tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish hamda ularni sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Print Friendly, PDF & Email