

Yoshlar – Kelajak Bunyodkori!
Yoshlar – har qanday jamiyatning tayanchi, harakatlantiruvchi kuchi va ertangi kun bunyodkoridir. Mamlakatimizda 30-iyun sanasining “Yoshlar kuni” sifatida e’lon qilinishi esa bu haqiqatning amaliy ifodasidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu bayram yoshlarga bo‘lgan yuksak e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan izchil siyosat natijasidir.
Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga befarq boʻlmagan, oʻzining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan faollik koʻrsatib kelayotgan yoshlar oʻrtasida zakovat intellektual oʻyinlarini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi.
“30 iyun – Yoshlar kuni”ni munosib nishonlash, iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, intellektual oʻyinlarga keng jalb qilish va ularni qiziqtirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ragʻbatlantirish, ijtimoiy-siyosiy bilimlarini mustahkamlash hamda yoshlar oʻrtasida jamoaviy ruhni yuksaltirish maqsadida, Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan tarmoq tizimidagi yoshlar o‘rtasida “Business-Quiz” intellektual o’yini chempionatiga start berildi.

Ta’kidlash joizki, bu chempionat bir martalik tadbir bo‘lib qolmay balki 2025 yil iyun oyidan 2026 yilning may oyigacha davom etuvchi yillik intellektual chempionat hisoblanadi. Yakuniy final bosqichi esa “O‘zbekiston energetika xaftaligi – UEW 2026” doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 20-iyun kuni ushbu chempionatning 1-bosqich o’yinlari bo’lib o’tdi. Unda tarmoq tizimida faoliyat yurituvchi yoshlardan tashkil topgan jami 22 ta jamoa ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahs-munozaralarga boy bo’lgan 1-bosqich o’yinlarida g’oliblik quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin — “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” jamoasi;
2-o‘rin — “UzGasTrade” MCHJ jamoasi;
3-o‘rin — “Uzbekneftegaz” AJ jamoasi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur chempionat yoshlarning bilim darajasini oshirish, ularni strategik fikrlashga, jamoaviy ishlashga va intellektual raqobatda faol ishtirok etishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar orqali tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik va do‘stona muhit mustahkamlanadi.
“Business-Quiz” — bu shunchaki o‘yin emas, balki yoshlarning bilimini sinovdan o‘tkazish, ularni rag‘batlantirish va o‘z sohasiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qiluvchi samarali vositadir. Bunday tadbirlar orqali biz nafaqat bugunning, balki ertangi kunning peshqadam mutaxassislarini tayyorlab boramiz. Zero, kelajagimiz – yoshlar qo‘lida!
O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: