Xavfsiz hayot uchun kurashaylik!

Yozgi ta’til faslida bolalarning maroqli hordiq chiqarishi bilan birga ularning huquqiy bilimlarini oshirish, hayotiy muhim qoidalarga e’tiborini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Ana shunday ezgu maqsadni ko‘zlab, “Hududgaz Jizzax” GTF Boshlangʻich kasaba uyushmasi hamda Jizzax viloyati IIB YHXB xodimlari hamkorligida Forish tumanidagi “Zangori olov” bolalar oromgohida “Xavfsiz hayot uchun kurashaylik!” shiori ostida ko‘tarinki ruhdagi tadbir tashkil etildi.

Tadbirning bosh maqsadi — bolalarda yo‘l harakati qoidalari to‘g‘risida tushuncha hosil qilish, ularni hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan ogoh etish va xavfsiz hayot tarziga bo‘lgan ongini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida bolajonlar yo‘l harakati qoidalari bilan interaktiv tarzda tanishib, yo‘l harakati xavfsizligi inspektori roli orqali o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Shu bilan birga, ular uchun maxsus tayyorlangan intellektual o‘yinlar va jamoaviy bellashuvlar tashkil etildi. Musobaqalarda ishtirok etgan bolalar 4 ta shart asosida bilim va topqirlikda bellashib, o‘z jamoalari sha’nini munosib himoya qilishdi.

Eng faol va g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday rag‘batlantirish tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirib, ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi.

Tadbir so‘ngida bolalar yo‘l harakati qoidalari, piyodalar xavfsizligi, svetofor belgilarining mazmuni kabi ko‘plab muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bu esa, albatta, ularning kelajakdagi xavfsiz hayoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bu kabi ma’rifiy tadbirlar bolalar ongida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishda, ijtimoiy faollikni kuchaytirishda muhim vosita bo‘lib qolmoqda.

Manba: “Hududgaz Jizzax” GTF KUQ

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email