Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ma’naviy merosni asrash, ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy xazinani chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslarning yorqin namunasi sifatida Prezidentimiz tashabbuslari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. Ushbu markaz yurtimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini dunyoga namoyon etuvchi muhim maskanga aylandi.

“Boshqaruv raisi kubogi” musobaqalari doirasida yurtimizning turli hududlaridan poytaxtimizda bо‘lib turgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi filial va korxonalarda mehnat qilayotgan 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar uchun aynan shu markazga ma’rifiy sayohat tashkil etildi.

Markazdagi noyob qo‘lyozmalar, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar hamda interaktiv ko‘rgazmalar xodimlarda chuqur taassurot qoldirdi. Har bir ko‘rgazmada ilm nafasi, har bir eksponatda esa ajdodlarimizning buyukligi yaqqol aks etadi.

Mazkur ma’naviy tadbir xodimlar uchun alohida ramziy ahamiyat kasb etdi. Ular kundalik hayotda xalqimizga yorug‘lik ulashar ekan, bu maskanda ilm va ma’rifat nuri bilan yanada yaqinlashdilar. Bu esa ularda o‘z kasbiga nisbatan mas’uliyat va faxr tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

Mazkur sayohat nafaqat bilim olish, balki ruhiy yangilanish, o‘zlikni anglash va tariximizga bo‘lgan hurmatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Print Friendly, PDF & Email