15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimi tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirlarda oilaning jamiyat hayotidagi oʻrni, milliy va oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar tarbiyasi, oiladagi oʻzaro hurmat va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, “Uzbekistan GTL” MCHJda tashkil etilgan davra suhbatida xodimlar oila, baxtli hayot va oilaviy qadriyatlar haqida fikr almashdilar. Suhbatlar chogʻida mehr, ishonch, hurmat va ahillik inson hayotidagi eng muhim qadriyatlar ekani taʼkidlandi.

“UNG training” MCHJda esa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda tuman Adliya boʻlimi bilan hamkorlikda “Maʼnaviyat oiladan boshlanadi” loyihasi doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar oilaning muqaddasligi, yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni va jamiyat barqarorligidagi ahamiyati haqida soʻz yuritdilar.

Shuningdek, Muborak gazni qayta ishlash zavodida ham ushbu sana munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlar davomida sogʻlom va mustahkam oila qurish, milliy qadriyatlar, oiladagi tarbiya va oʻzaro hurmat masalalari muhokama qilindi.

Oʻtkazilgan tadbirlar doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbariyati, hokimlik vakillari hamda Qorovulbozor tumani “Imom Buxoriy” mahallasi faollari ishtirokida zavod mehnat faxriysi Dilnavoz Toshqulovaga “Ibratli oila” faxriy koʻkrak nishonini topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Bunday tadbirlar jamoalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni keng targʻib qilish hamda yoshlar ongida oila muqaddasligiga boʻlgan hurmatni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Print Friendly, PDF & Email