“O‘zbekgidroenergo” AJ tashabbusi bilan, Jamiyat tizim korxonalari ishchi-xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi ommaviyligini oshirish, barcha xodimlarni sport musobaqalariga keng jalb qilish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida, Davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida vazirlik va idoralar, aksiyadorlik jamiyatlarining markaziy apparatlari xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha anʼanaviy “Chess Board Open Championship of “Uzbekhydroenergo” JSC” (Shaxmat bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” AJ ochiq chempionati) o‘tkaziladi.

Bugun, 14-avgust kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ maʼmuriy binosi hududidagi maxsus shaxmat maydonchasida Jamiyat Ijro apparati xodimlari o‘rtasida shaxmat musobaqasining saralash 1-bosqichi o‘tkazildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashkilotchiligida o‘tkazilgan musobaqa – yuqori zakovat, strategiya va puxta hisob-kitobni talab etuvchi bellashuvlar O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining malakali hakami tomonidan FIDE qoidalari asosida, shveysar tizimida tashkil etildi.

Musobaqa davomida shaxmat taxtasidagi murosasiz va yuqori shiddatli bahslar ishtirokchilarning nafaqat bilim va tajribasi, balki tezkor fikrlashi, sabr-toqati hamda vaziyatni to‘g‘ri baholash qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazdi.

Saralash bosqichida Ijro apparatining quyidagi xodimlari sovrinli o‘rinlarni egalladilar:
1-o‘rin – Faxriddin Xurramov (6 ochko) – Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi;
2-o‘rin – G‘anisher Eshboyev (6 ochko (-1)) – Atrof-muhit muhofazasi va kadastr bo‘limi yetakchi mutaxassisi;
3-o‘rin – Bahodir Daminov (5 ochko) – Sun’iy intellekt joriy qilish bo‘limi boshlig‘i.

Sovrindorlarga Jamiyatning qimmatbaho esdalik sovg‘alarini Boshqaruv raisi maslahatchisi F. Azimova, Apparat rahbari X. Ravshanov hamda Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi X. Rajabovlar tantanali ravishda topshirdilar.

Saralash bosqichida 1-o‘rinni egallagan Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi Faxriddin Xurramov musobaqaning yakuniy 2-bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning yakuniy 2-bosqichi 22-avgust kuni Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadi. Unda eng kuchli shaxmatchilar o‘zaro bellashib, g‘oliblik uchun murosasiz kurash olib boradilar.

Print Friendly, PDF & Email