Xalqaro aloqalar kengayib bormoqda!

Joriy yilning 13-15 may kunlari O’zbekiston energetika, neft-gaz a geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog’iston Respublikasida bo’lib qaytdilar. Tashrifdan ko’zlangan maqsad Qozog’iston Respublikasining “Atom sanoati xodimlari kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi bilan  hamkorlik memorandumini imzolash va bu orqali ikki qardosh xalqlar o’rtasida davom etayotgan azaliy do’stona aloqalarni yanada mustahkamlash, kelgusida ilg’or tajribalarni almashishni yo’lga qo’yishdan iborat bo’ldi.

Xizmat safarining 1 chi kunida delegatsiya a’zolari Qozog’iston Respublikasining Shimkent shahrida  Qozog’iston Respublikasining “Atom sanoati xodimlari kasaba uyushmasi” ishchi-xodimlari bilan uchrashdilar.

Safarning ikkinchi kunida har ikki tamon mutasaddilari Qozog’iston Respublikasining Turkiston shahriga tashrif buyurdilar. Delegatsiyamiz a’zolari u yerda joylashgan Yassaviya tariqati asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildilar hamda shaharning boshqa tarixiy obidalari, zamonaviy qurulish inshoatlari bilan tanishdilar.

15 may kuni Qozog’iston Respublikasining Shimkent shahrida O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda Qozog’iston Respublikasining “Atom sanoati xodimlari kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi o’rtasida ikkitomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumda ikki tomon oʼrtasida energetika va atom sanoatini rivojlantirish sharoitida kasaba uyushmalari aʼzolarining iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish boʼyicha tajriba almashish, qoʼshma seminarlar tashkil etish, xavfsizlik, sport, ijtimoiy sheriklik va mexnatni muxofaza qilish masalalarini rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan xalqaro forum, konferentsiyalar tashkil etish kabi bir necha bandlar mustahkamlab qoʼyilgan.

Tadbir davomida “Atom sanoati xodimlari kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi raisi Q.B.Madiyev o’z nutqida: ikki xalq o’rtasidagi do’stlik munosabatlari, tarixi haqida nutq so’zlab, kelajakda hamkorlik aloqalari yanada kengayishiga umid bildirdi hamda barcha kasaba uyushmalari a’zolari va xodimlariga tinchlik-totuvlik tiladi.

Tadbirda nutq so’zlagan O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bo’lim mudiri S.S.Egamberdiyev o’z nutqida mehmondo’st Qozog’iston xalqiga  minnatdorchilik bildirdi hamda bu tadbir 2021 yilning 10 noyabr kunida Ozbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalar kengashining uzviy davomi sifatida,  xalq o’rtasida qolaversa ikki tomon kasaba uyushma a’zolari va xodimlari o’rtasida do’stlik, hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirishda asosiy vosita bo’lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Hamkorlik memorandumlari imzolangach ikki tomon o’rtasida “Kuch birlikda” shiori ostida o’rtoqlik futbol uchrashuvi bo’lib o’tdi. O’yin yakunida O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mehnat texnik enspektori SH.Rahmonov “Eng yaxshi o’yinchi” nominatsiyasi sovrindori bo’ldi.

 

 

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email