“Energetiklar sihatgohi” MCHJ xizmatlari O‘z DSt 3220:2017 talablariga muvofiqligi tasdiqlandi

Maʼlumki, “O‘zbekgidroenergo” AJga qarashli “Energetiklar sihatgohi” – gidroenergetika tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlarining maroqli hordiq chiqarishi, tan-sihatligi hamda salomatligini nazorat qilishi va tiklashi uchun mo‘ljallangan sihatgoh hisoblanadi. Sihatgohda dam oluvchilar ixtiyoriga barcha qulayliklarga ega 1, 2, 3 va 4 o‘rinli yarim lyuks, lyuks va kottedj o‘rinlari taklif qilinadi.Sanatoriy nevrologiya, kardiologiya, stomatologiya, urologiya, gastro-entrologiya kabi kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan sog‘lomlashtirish maskani hisoblanadi. Sihatgoh so‘nggi rusumdagi zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan hamda malakali shifokorlar jamoasiga ega. Sihatgohda dam oluvchilar uchun davolash gimnastikasi zali, maʼnaviyat-maʼrifat markazi, kutubxona, amfiteatr, zamonaviy oshxona, kino zallari, musiqali favvora, raqs maydoni, fitnes zallari, ochiq sport maydonchasi, ochiq suzish havzasi hamda yig‘ilish va anjumanlar uchun konferensiya zallari mavjud.

Energetiklar sihatgohida keng ko‘lamdagi:

– fizioterapiya muolajalari (lazer-terapiya, magnit-terapiya, massaj, parafin-ozokerit, ozon-terapiya, ultra-tovush, darsenval, elektroforez, amplipuls, ingalyatsiya, szinda, Nuga Best, kedrli bochka);

– kasalliklarni aniqlash uchun har xil usullardagi klinik-diagnostik laboratoriya tekshiruvi, EKG va ultra-tovush (UZD) orqali tekshiruvlar;

– terapevt, kardiolog, nevropatolog, stomatolog, urolog, fizioterapevt, gastroenterolog va otorinoloringolog xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Joriy yilning 13-dekabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sertifikatlashtirish milliy tizimi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi“ DUK tomonidan Sihatgohning xizmatlari O‘z DSt 3220:2017 talablariga muvofiqligi tasdiqlandi hamda muvofiqlik sertifikati berildi. Muvofiqlik sertifikatiga binoan, “Energetiklar sihatgohi” xorijiy mehmonlar, turistlarga ham davlat standartlariga mos ravishda mehmonxona va sanator-kurort xizmatlarini ko‘rsatishni 2027-yilga qadar davom ettirish imkoniga ega bo‘ldi.

 

Manba: «O’zbekgidroenergo» AJ KUQ matbuot xizmati

O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email