Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi boʻlib oʻtdi.
2025-yilning 1-noyabr kuni poytaxtimizdagi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari saroyida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi boʻlib oʻtdi.
Qurultoy ishiga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov raislik qildi.
Qurultoyda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Qahramonlari, senatorlar, kasaba uyushmalarining ijtimoiy hamkorlari boʻlgan koʻplab vazirlik, idoralar rahbarlari, nuroniylar, belgilangan vakillik meʼyoriga muvofiq Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga saylangan delegatlar, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Gocha Aleksandriya ishtirok etdi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi ochiq deb eʼlon qilingach, Qurultoy rayosati va ishchi organlari tarkibi, kun tartibi va ish tartibi tasdiqlab olindi.
Qurultoyda dastavval Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov “Yangi Oʻzbekiston – yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2021-2025-yillardagi faoliyati va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosida milliy taraqqiyotning yangi bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari toʻgʻrisida” maʼruza qildi.
Maʼruzada oxirgi 8-9 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida barcha sohalarda birdek olib borilayotgan tub islohotlar, inson manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar va tashabbuslar natijasida xalqimiz turmush farovonligi oshib, insonlarning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi taʼminlanayotgani alohida taʼkidlandi.
Qayd etish zarurki, Federatsiyaning 9-Qurultoyi kasaba uyushmalari uchun tarixiy boʻlgan kunlarda boʻlib oʻtmoqda. Chunki, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soha xodimlari va faollari bilan oʻtkazgan muloqoti, chin maʼnoda, tarixiy hodisa boʻldi. Zero Davlat Rahbarining kasaba uyushma faollari bilan bunday keng formatli uchrashuvi ilk bora oʻtkazildi va yuksak eʼtibor koʻrsatildi.
– Oʻtgan davr Oʻzbekiston kasaba uyushmalari hayotida unutilmas va zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy davr boʻldi desam, aynan haqiqatni aytgan boʻlaman, – deya taʼkidladi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov oʻz maʼruzasida. – Ayniqsa, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi arafasida Prezidentimizning soha xodimlari va faollari bilan oʻtkazgan muloqoti chin maʼnoda tarixiy hodisa boʻldi. Uchrashuvda Davlat rahbari “Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 million aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti boʻlgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor” deya eʼtirof etganlari faoliyatimizga yuksak baho boʻldi. Shu maʼnoda, biz ikki karra baxtli insonlarmiz. Chunki bir tomondan 120-yillik shonli tarix bilan yuzma-yuz kelish taqdirning bir tuhfasi boʻlsa, Millat Liderining mehriga munosib koʻrilish ikkinchi ulkan baxtimizdir!
Maʼruzada taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik tarixi bilan bogʻliq va Qurultoy boʻlib oʻtayotgan muhtasham Kasaba uyushmalari Saroyida:
1905-1907-yillarda Turkiston kasaba uyushmalarining ilk taʼsis yigʻilishi;
1920-yilda Turkiston Respublikasi kasaba uyushmalari II Syezdi;
1925-yil mart oyida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Kengashining (Uzsofprof) I Qurultoyi boʻlib oʻtgan edi.
Bu faktlar mamlakat kasaba uyushmalari bugungacha qanchalik shonli yoʻlni bosib oʻtganiga yana bir dalildir. Yana bir muhim jihat – Kasaba uyushmalarining uzoq oʻtmishiga guvoh boʻlgan mazkur Saroy Yangi Oʻzbekiston davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kasaba uyushmalari tasarrufiga berilganidir.
Keyingi toʻqqiz yilda Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilgan ulkan islohotlar mamlakat va xalqimiz hayotida keskin burilish yasadi.
Hisobot maʼruzada taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 9-Qurultoyi jahon hamjamiyati Oʻzbekistonni “Yangi Oʻzbekiston” deb va Uchinchi Renessans davriga shaxdam va dadil qadam qoʻyayotganini eʼtirof etayotgan gʻoyat muhim bir davrda oʻtmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda shakllangan Yangi tizim – halqimizni baxtli qilish tizimi oʻzini toʻla oqlamoqda.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati hamda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻnalishlaridagi tizimli saʼy-harakatlarga hamohang ravishda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan oʻtgan hisobot davrida faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, oʻtgan davrda Yangi Oʻzbekistonning yangi kasaba uyushmalari shakllandi deyishga toʻla asoslar bor.
Qurultoyda hisobot davrida amalga oshirilgan ishlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kasaba uyushma faollari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlaridan kelib chiqib, oldinda turgan vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, hisobot davrida safi 8 millionlik kasaba uyushmalari mehnatkashlarning huquqiy himoyasini taʼminlash bilan birga mehnat sohasida muhim ahamiyatga ega boʻlgan 2,5 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha taklif va tavsiyalar kiritdilar. Jumladan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasining bevosita ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining talablari va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi. “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi hamda “Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlab berdi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar manfaatlari bilan bogʻliq Konvensiyalari ratifikatsiya qilinishida faol ishtirok etildi.
Tizimda Mehnat inspeksiyasining tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini oʻrnatish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Hisobot davrida kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan 13 mingdan ziyod tashkilotda qariyb 46 mingta kamchilik aniqlandi va ularning 39 mingdan ortigʻi bartaraf etildi. Jamoatchilik nazorati orqali qariyb 500 ming nafar xodimning huquqi tiklanib, ular foydasiga
267 mlrd. soʻm undirib berildi.
Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish sohasidagi ishlar borasida muzokara va maslahatlashuvlar asosida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid dolzarb masalalar hal etildi. Davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi tufayli mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori qayta koʻrib chiqilib, oʻtgan besh yil ichida bu miqdor 2 barobarga oshdi.
2025-yil 1-yanvarga kelib, jamoa shartnomalari soni 2021-yildagi 110 mingdan 127 mingtaga, qamrab olingan xodimlar soni esa 4,3 mlndan 5 mln. 540 ming nafarga yetdi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 960 mingdan ortiq ayollar, keksalar va yoshlar manzilli qoʻllab-quvvatlandi.
Bugungi kunda jamoa shartnomalari xodimlar uchun bandlik va munosib mehnat kafolatlarini belgilash, ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylangan. Tuzilgan jamoa shartnomalarining barchasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga koʻra bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qoʻmitasining roziligini albatta olish talabi kiritilgan.
2024-yil yakunlariga koʻra respublika boʻyicha 32 ming 251 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffitsienti koʻtarilgan boʻlib, bu orqali 1 mln. 342 ming nafar xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan. Jamoa shartnomalari orqali 101 ming 159 nafar xodimga toʻliqsiz ish vaqti sharoitida ishlash, 2 mln. 635 ming nafar xodimga asosiy uzaytirilgan, 4 mln. 257 ming nafar xodimga esa yillik qoʻshimcha taʼtillardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, 80 mingdan ziyod tashkilotda jamoa shartnomalari asosida ijtimoiy taʼtillar belgilangan va ulardan foydalangan xodimlar soni qariyb 2,5 mln. nafarni tashkil etadi.
Tahlillarga koʻra, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar kiritilishi natijasida, respublika boʻyicha oʻrta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablagʻ 10 mln. 89 ming soʻmni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.
Aholining kam taʼminlangan qatlamlari ijtimoiy himoyasini taʼminlash yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar kam taʼminlangan ayolga yordam koʻrsatildi. Mamlakatimizning 14 ta hududida 969 ta kooperatsiya usulidagi loyiha tufayli 124 mingdan ziyod aholi, jumladan, 90 mingdan ortiq ayollar bandligi taʼminlanishi boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Genderga oid audit oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, 5 ta vazirlik hamda uning tarkibiy tuzilmalarida genderga oid audit oʻtkazildi. Federatsiyaning “1211” Ishonch telefoniga xotin-qizlardan tushgan 200 mingdan ziyod murojaatning 99,6 foizida koʻtarilgan masalalar hal etildi.
Taʼkidlash zarurki, kasaba uyushmalari keyingi toʻqqiz yilda asriy yangilanishlarning guvohi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan 11-noyabrning “Kasaba uyushmalari kuni” deb eʼlon qilinishi kasaba uyushmalari tarixiga zarhal harflar bilan yozildi.
2021-yil “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari tarixi” muzeyi tashkil etildi. Ilmiy izlanishlar natijasida mamlakatimizda ilk kasabachilik harakati 1905-yilda boshlanganligi va bu yil uning tashkil etilganiga 120-yil toʻlishi arxiv hujjatlari asosida oʻz tasdigʻini topdi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari tarixida ilk bor, 2025-yilda oʻtkazilgan saylovlarda barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlari rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari muqobillik asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylandi. Ayni tashabbus Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining xalqaro darajadagi nufuzini oshirdi.
Oʻz saflarida 8 millionlik aʼzoni birlashtirgan kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Malaka oshirish instituti bugun soha mutaxassislari uchun ixtisoslashgan taʼlim muassasasiga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufida Markaziy Osiyoda yagona Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi tashkil etildi. Mazkur Akademiya bugunga kelib, soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Kasaba uyushmalari bu borada katta tajriba va salohiyatga ega. Hisobot davrida ushbu yoʻnalishda barcha imkoniyatlardan keng foydalanildi. Raqamlarga murojaat etsak, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991-yildan 2017-yilgacha oʻtgan 26 yil davomida kasaba uyushmalari tizimida 1 ta yangi sanatoriy qurilgan boʻlsa, oxirgi toʻqqiz yilda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi va yana 10 ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Natijada oʻrinlar soni 2017-yilga nisbatan 2 ming 43 taga oshib, yiliga qoʻshimcha 60 mingdan ortiq aholini sogʻlomlashtirish imkoni yaratildi.
Hisobot davrida Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 900 mingga yaqin fuqaro sogʻlomlashtirildi, ularning 43 foiziga imtiyozli yoʻllanmalar ajratilib, salomatligi mustahkamlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq 2022-yilda Federatsiya tizimida Bolalarning dam olishi va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi. Faoliyatini toʻxtatgan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi mazkur Qaror asosida Federatsiya balansiga oʻtkazildi va tasarrufdagi oromgohlar soni 110 tadan oshdi. 2020-2025-yillarda 9 ta yangi bolalar oromgohi qurildi, 76 tasi kapital taʼmirlandi. 2021-2025-yillar yoz mavsumida 1 mln. 545 ming nafardan ziyod bola, shu jumladan, ularning 800 ming nafari statsionar, 700 ming nafardan ziyodi kunduzgi oromgohlarda sogʻlomlashtirildi.
Federatsiyaning “Jismoniy tarbiya va sport-sogʻlomlashtirish ishlari boshqarmasi” faoliyatini kengaytirish sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2024-yilda “Yakkasaroy” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida xalqaro talablarga javob beradigan suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi. Yaratilayotgan shart-sharoitlar kasaba uyushmalari sportchilarining xalqaro musobaqalarda yuksak marralarni egallashlari uchun zamin yaratdi. Natijada soʻnggi yillarda kasaba uyushma sportchilari Olimpiada, Jahon va Osiyo chempionatlarida 123 ta oltin, 130 ta kumush va 72 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdilar.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xalqaro kasaba uyushmalari harakatidagi nufuzi ortib borayotganini ham alohida taʼkidlash zarur. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Bosh direktori Jilbert Ungbo Oʻzbekistonga tashrifi doirasida mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda oʻrganish va qoʻllash uchun muvaffaqiyatli model sifatida koʻrayotganini taʼkidlagani, kasaba uyushmalari faoliyatiga berilgan yuksak baho boʻldi.
Hisobot davrida Xalqaro hamkorlik kuchaytirildi. Xususan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkiya ishtirokida Turkiy Davlatlar kasaba uyushmasi tashkilotiga asos solindi.
2024-yil oktyabr oyida salkam 300 millionga yaqin aʼzosi boʻlgan Umumxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida ushbu nufuzli tashkilot bilan oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirish borasida hamkorlik memorandumi imzolangani muhim qadamlardan biri boʻldi.
2024-yil dekabr oyida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 169 ta davlatning 333 ta kasaba uyushmalarini birlashtirgan hamda 250 mln. nafardan ziyod aʼzoga ega Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining haqiqiy aʼzoligiga qabul qilingani mamlakatimiz kasaba uyushmalarining global kasaba uyushmalari harakatida oʻzining mustahkam oʻrniga ega boʻlib borayotganini namoyish etdi.
Hisobot-maʼruzada kelgusida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari oldida turgan reja va maqsadlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, tarmoq va hudud darajasidagi vakolatli organlarning qabul qilayotgan meʼyoriy hujjatlari loyihalarida kasaba uyushma aʼzolarining manfaatlarini himoya qilish tarmoq kasaba uyushmalari hamda hududiy Kengashlarning eng muhim vazifalaridan biri boʻlib qolishi zarurligi taʼkidlandi.
Mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil qilish sohasidagi ishlarni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Xususan, Tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamkor vazirlik, idoralar bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishi, bu yoʻnalishda mehnat inspektorlarining masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning mehnat sohasidagi masalalarda taʼsirini oshirish oldinda turgan muhim vazifalardan biri boʻlib qoladi. Bu borada Prezidentimiz kasaba uyushmalari oldiga aniq vazifa qoʻydilar. Unga koʻra, kelgusi yildan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlarini tayyorlash jarayoniga Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyasini ham jalb qilish topshirildi. Mazkur yangicha yondashuv ushbu masalada xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish imkonini beradi.
Bu borada Muhtaram Prezidentimizning vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qoʻshma yigʻilishini doimiy ravishda oʻtkazib borish, tarmoq kasaba uyushmalari raislarini vazirlik va idoralar xayʼati aʼzoligiga kiritish takliflari ayni muddao boʻldi. Bu – qoʻshma majlislarda tarmoq jamoa kelishuvlari va shartnomalarining bajarilishi, ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi va boshqa ijtimoiy masalalarni muhokama qilib borish va yechimini topish imkonini beradi.
Sirasini aytganda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobot davrini salmoqli natijalar bilan yakunlamoqda. Eng asosiy yutuq – mehnatkashlar himoyachisi boʻlgan kasaba uyushmalariga aholining ishonchi tobora ortib borayotganidir. Chunki, Federatsiya nafaqat davlatning ijtimoiy hamkori, balki mehnatkashlar manfaatlarini qatʼiy turib himoya qila oladigan fuqarolik instituti sifatida oʻzini koʻrsatdi.
Qurultoyda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Nazorat-taftish komissiyasining 2021-2025-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti ham tinglandi.
Har ikkala masala yuzasidan boʻlib oʻtgan muhokamalar jarayonida soʻzga chiqqan delegatlar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatiga baho berish bilan bir qatorda Nazorat-taftish komissiyasi hisoboti boʻyicha ham oʻz munosabatlarini bildirdilar.
Shundan soʻng Qurultoy nomiga qator Xalqaro tashkilotlar, koʻplab horijiy davlatlarning kasaba uyushmalari milliy markazlaridan yoʻllangan tabriklar oʻqib eshittirildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston Ish beruvchilari Konfederatsiyasi oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha Bosh jamoa kelishuvi har uch yilda imzolab kelinmoqda. Mazkur kelishuv Oʻzbekiston Respublikasida kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beruvchi hujjat hisoblanadi. 2023-2025-yillar uchun Bosh jamoa kelishuvining amal qilish muddati tugayotganligi sababli Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan 2026-2030-yillar uchun yangi Bosh jamoa kelishuvi loyihasi tayyorlanib, unda “Oʻzbekiston 2030” strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan 2025-yil 17-oktyabr kuni oʻtkazilgan uchrashuvida bildirgan taklif va tavsiyalari ham oʻz aksini topdi. Kelishuv loyihasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan kelishib olindi va imzoga tayyorlandi.
Qurultoy doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi raisi Otabek Ashurov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov tomonidan yangi Bosh jamoa kelishuvini imzolash marosimi oʻtkazildi.
Qisqa tanaffus vaqtida Sanoq komissiyasi majlisi oʻtkazib olindi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan muhokamalarda soʻzga chiqqan delegatlar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli deb topish taklifini kiritdilar. Ushbu taklif barcha delegatlar tomonidan tasdiqlanib, bir ovozdan qabul qilindi. Shundan soʻng kun tartibidagi birinchi masala boʻyicha Qurultoy qarori loyihasi yuzasidan tahrir komissiyasining takliflari eshitildi va qaror qabul qilindi.
Shuningdek, soʻzga chiqqan delegatlar Nazorat-taftish komissiyasining hisobotini tasdiqlash taklifini kiritdilar va ushbu taklif Qurultoy delegatlari tomonidan tasdiqlandi hamda ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shundan soʻng Qurultoy kun tartibidagi saylovlar masalalari, yaʼni, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi va uning oʻrinbosarlarini, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashi, Ijroiya qoʻmitasi, shuningdek Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi va raisini saylash toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Hisobot-saylovlarni oʻtkazish toʻgʻrisida Nizomga muvofiq Federatsiya raisi va rais oʻrinbosarlari saylovi yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazildi.
Eng avval Federatsiya raisi saylovi boʻyicha yashirin ovoz berish byulleteniga kiritiladigan nomzodlar roʻyxati shakllantirib olindi. Qayd etilginidek, Tarmoq kasaba uyushmalari, Federatsiyaning hududiy Kengashlari delegatsiyalari vakillari yigʻilishida Federatsiya raisi va rais oʻrinbosarligiga nomzodlar yuzasidan maslahatlashuv oʻtkazilib, takliflar tayyorlangan. Delegatsiyalar vakillari yigʻilishi nomidan nomzodlar oʻqib eshittirilgach, ular yashirin ovoz berish byulleteniga kiritildi.
Qisqa tanaffus vaqtida delegatlar uchun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari tarixi va faoliyati toʻgʻrisida tayyorlangan film namoyish etildi.
Bevosita saylovlar jarayoniga oʻtilgach delegatlarga yashirin ovoz berish tartibi tushuntirilib, ovoz berish jarayonlari boshlandi.
Yashirin ovoz berish natijalariga koʻra, Rafikov Qudratilla Mirsoatovich koʻpchilik ovoz bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi etib saylandi.
Shundan soʻng Federatsiya raisining oʻrinbosarlari saylovi boʻyicha yashirin ovoz berish natijalari eʼlon qilindi.
Federatsiya organlari tarkibi va Nazorat-taftish komissiyasi aʼzolari va raisini saylash jarayonlari delegatlar taklifiga koʻra ochiq ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazildi.
Qurultoyda shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 17-oktyabrda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvidan kelib chiqadigan vazifalar toʻgʻrisida»gi masala koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Davlat rahbari uchrashuvda kasaba uyushmalariga oʻzining yuksak hurmat va ezgu tilaklarini izhor etib, har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga ragʻbat va adolat ruhini olib kirayotgani uchun bildirilgan minnatdorlik faoliyatga yuksak bahodir. Shu bilan birga, Prezidentimiz kasaba uyushmalari faoliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Ushbu taklif va tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida “yoʻl xaritasi” va qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjatlar loyihalari yuzasidan qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Shundan soʻng Qurultoyga Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Ungbodan Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yilligi va “Kasaba uyushmalari kuni” bayramlari, shuningdek Federatsiyaning IX Qurultoyi munosabati bilan kelib tushgan videotabrik namoyish etildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan qayd etilganidek, Bosh kengash qarori bilan “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining 2026-2030-yillarga moʻljallangan strategik yoʻnalishlari” loyihasini tayyorlash boʻyicha maxsus Ishchi guruh tuzilib, ushbu muhim hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va Federatsiyaning hududiy Kengashlaridan tushgan takliflar ham eʼtiborga olindi. Strategik yoʻnalishlar loyihasi boʻyicha qaror delegatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Shuningdek, Federatsiyaning oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan Ustavi loyihasi va ushbu masala boʻyicha qaror loyihasi ham delegatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Qurultoyda tushgan savollarga javob berilgach, Qurultoy yopiq deb eʼlon qilindi.
Manba:
Manba: Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: