Yangi O‘zbekistonni o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz
“Talimarjon IES” AJ tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi baland tog‘lar bag‘rida joylashgan “Sohibqiron” yozgi bolalar oromgohida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyati kengashi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonni o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz” shiori ostida oromgohda dam olayotgan bolajonlar uchun ko‘rik-tanlov tashkil etildi.
Tanlovda oromgohda hordiq chiqarayotgan 250 nafar bolajon ishtirok etdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun iste’dodlarini namoyish etdi. Ayniqsa tanlov doirasida o‘tkazilgan stol tennisi, shaxmat, shashka musobaqalari bahslarga boy o‘tdi. Rasm chizish, raqs, komp’yuter savodxonligi, yosh kitobxon musobaqalarida ham bolajonlar faol ishtirok etdi. Yosh ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ajoyib sahna ko‘rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Ta’kidlash lozimki, oromgohda dam oluvchilarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ko‘plab qiziqarli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, rassomchilik to‘garagi, chet tillari kurslari bolalarning tafakkuri va til o‘rganish qobiliyatini shakllanishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, “Yosh kitobxon”, “Men sevgan asar” kabi tanlovlar esa dam oluvchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Mazkur oromgohda “Talimarjon IES” AJ hamda “Muborak IEM” korxonalari xodimlarining farzandlari va Nishon tumanidagi mahallalarda istiqomat etuvchi ehtiyojmand oilalarning farzandlari dam oldirilmoqda, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Anvar Rustamov. – Mavsum davomidagi 4 mavsumda 1000 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Har bir navbatda 250 nafar bola dam olmoqda. Ular 12 kun davomida miriqib hordiq chiqarishadi.
Manba: O‘lmas Barotov, O‘zA.
O’zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: