“O‘zbekko‘mir” AJda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlab bir qator ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi

Joriy yilning 8 noyabr kuni Angren shahridagi “Zamin – 2” majmuasida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori V.V.Kuznetsov, bosh muhandis Z.Inomxo‘jayev, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bosh mehnat texnik inspektori S.Saidmaxmudov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyat Kengashi vakili S.Erbo‘tayev, aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Qayumovlar ishtirok etdi hamda tadbir qatnashchilarini bayram bilan qutladilar.

“O‘zbekko‘mir” AJ va uning tizimida bugungi kunda olti ming nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Keyingi besh yilda ko‘mir qazib olish sur’atlari 3,7 milliondan 6 million tonnaga yetkazildi. Tadbirda jamiyat kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlar manfaatlarini ta’minlash yo‘lida bir qator xayrli ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.

Jarayonda jamiyat kasaba uyushmalari faollari va a’zolarning katta guruhiga O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi,  O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyat Kengashi hamda “O‘zbekko‘mir” AJ rahbariyati tomonidan Faxriy Yorliq, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Kasaba uyushmalari faollarining kichik guruhi III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bayramona to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazilgan bayram tadbirida xushovoz xonanda Gulzoda Xudoynazarova  ijrosidagi dilrabo qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Manba: “O‘zbekko’mir” AJ BKUQ

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email