Yoshlar bilan ishlash komissiyalari raislarining malakasi oshirildi

So‘nggi yillarda yurtimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

O‘zbekistonda 30-iyun — «Yoshlar kuni» deb e’lon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti va «Kelajak bunyodkori» medali ta’sis etildi.

Joriy yilning 21-25 oktabr kunlari O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan tarmoq tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ishlash komissiyasi raislari uchun malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.

“O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining malaka oshirish instituti” nodavlat ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tgan malaka oshirish o‘quvlarida jami 25 nafar tarmoq tizimidagi yoshlar bilan ishlash komissiyasi raislari malaka oshirishdi.

         O‘quv mashg‘ulotlarning avvalida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari O.Ismoilov, yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi F.Boboqulova va malaka oshirish instituti rektori I.Umaraxunovlar qatnashchilarga yangi bilim, ko‘nikma va malaka olishlarida omad tilab, o‘quv mashg‘ulotlarni ochib berishdi.

 Mashg‘ulotlar davomida yoshlarga oid davlat dasturi ijrosi va undagi ustuvor yo‘nalishlar, zamonaviy mehnat munosabatlari, yosh rahbar axloqi hamda boshqaruv madaniyati, mehnatni muhofaza qilishning me’yor va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish mavzularida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi”, “Yoshlar ishlari agentligi”, “O‘zbekiston Volontyorlari asotsiyasi”, “O‘zbekneftgaz” AJlardan jalb etilgan mutaxassislar tomonidan ma’ruza va seminarlar tashkil etildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida o‘zaro faoliyatni shakllantirish, jamoa shartnomalarini tashkil qilish va ijtimoiy sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida tajriba almashish imkoniyatlari yaratildi.

O‘quv dasturi doirasida tinglovchilar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalarining tarixi, Olimpiya shon-shuhrati muzeylariga sayohatlar tashkil etildi hamda Alisher Navoiy nomidagi milliy kino saroyida tarixiy “Bahodir Yalangto‘sh” filmi namoyish etildi.

Malaka oshirish o‘quvlari yakunida mashg‘ulotlar davomida o‘tilgan mavzular bo‘yicha yakuniy test sinovlari o‘tkazildi va kurs bitiruvchilariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining malaka oshirish instituti nodavlat ta’lim muassasasi sertifikatlari topshirildi.

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email