BILIM VA ZAKOVAT BAHSI: SHGKMDA INTELLEKTUAL BELLASHUV
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda o‘z iqtidorlarini har tomonlama namoyon etishlariga imkon yaratish maqsadida “Zakovat” intellektual bellashuvi o‘tkazildi.Ushbu bellashuvda korxona tarkibidagi turli tsex, xizmat, tarmoq va bo‘limlardan jami 17 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqa qiziqarli va munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ishtirokchilar berilgan savollarga javob izlash jarayonida o‘z bilim va zakovatlarini sinovdan o‘tkazib, jamoaviy ishlash qobiliyatlarini ham namoyon etdilar. Bellashuv ikki raunddan iborat bo‘lib, har bir raundda 10 tadan savol ishtirokchilarga taqdim etildi.
Raundlar oralig‘ida majmuaning bir guruh ijodkor xodimlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Ushbu chiqishlar musobaqaga yanada shukuh bag‘ishlab, ishtirokchilar va tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra, “Texnologlar” jamoasi uchinchi o‘rinni, “Gren life” jamoasi ikkinchi o‘rinni, “Strong women” jamoasi esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor jamoalar alohida e’tirof etilib, ular 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan majmuada o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirida taqdirlanadigan bo‘ldilar.
Bu kabi tadbirlarning muntazam tashkil etilishi xotin-qizlarning bilim salohiyati va ijtimoiy faolligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: