“O‘zbekenergota’mir” AJ xodimlari uchun muzeylarga ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi. Jamiyatning Kadrlarni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi tomonidan “Kesish va qo‘lda payvand qilish bilan band bo‘lgan elektr-gaz payvandchi” yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Mazkur malaka oshirish kurslarining asosiy maqsadi – ishchi-xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ishlab chiqarishda xavfsizlik va sifat standartlariga rioya etish madaniyatini oshirishdan iborat.

✍️ O‘quv jarayonini yanada mazmunli va samarali tashkil etish, tinglovchilarning dunyoqarashini kengaytirish hamda ularning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘quvlar doirasida poytaxtdagi qator madaniy muassasalarga ekskursiyalar uyushtirildi.

✍️ Tinglovchilar dastlab Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. Ekskursiya davomida ular Amir Temur va temuriylar davlati tarixi, ushbu sulolaning ilm-fan, me’morchilik, harbiy san’at va davlat boshqaruvi sohalarida erishgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

✍️ Muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilgan tarixiy qo‘lyozmalar, miniatyura asarlar, me’moriy yodgorliklar maketlari va nodir eksponatlar tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ekskursiya ishtirokchilari milliy davlatchiligimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning ilm va hunarga bo‘lgan yuksak e’tibori haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish barobarida kasbiy faoliyatda mas’uliyat va fidoyilik kabi fazilatlarning ahamiyatini yanada chuqur anglab yetishdi.

✍️ Shundan so‘ng xodimlar Politexnika muzeyiga tashrif buyurib, bu yerda sanoat, energetika, transport va aloqa sohalaridagi ilmiy-texnik taraqqiyot tarixi, turli davrlarga oid texnika namunalari va innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdilar.

✍️ Ayniqsa, energetika va sanoat uskunalariga oid bo‘limlar elektr-gaz payvandchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Zamonaviy texnologiyalar, texnik jihozlar evolyutsiyasi hamda ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlik talablarining ahamiyati haqidagi ma’lumotlar tinglovchilarning kasbiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

✍️ Mazkur ekskursiyalar malaka oshirish kurslarining ajralmas qismi sifatida ishchi-xodimlarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini ham yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tinglovchilar tarix va zamonaviy texnika yutuqlari bilan tanishar ekan, o‘z kasbining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘lishdi.

✍️ Shu tariqa, “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari faqat amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan cheklanib qolmasdan, xodimlarning intellektual va ma’naviy rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Bunday yondashuv esa yuqori malakali, keng dunyoqarashga ega va o‘z kasbiga sadoqatli mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Print Friendly, PDF & Email