«Kasaba uyushmalarining kuchi – birlikda!»

Joriy yilning 11-14-dekabr kunlari Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida Turk davlatlari energetika kasaba uyushmalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik kelishuvi doirasida xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Qozogʻiston energetiklar tarmoq kasaba uyushmasi jamoat birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston respublikalaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etdilar. Yigʻilish doirasida kasaba uyushmalari harakatining dolzarb muammolari, istiqbolli rejalari va oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻllari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston nomidan O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Kurbanov Shuxrat Turayevich va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bosh mutaxassis Baratova Dildora Sulaymon qizi ishtirok etdilar. Ular mamlakatimizdagi kasaba uyushmalari tajribasini namoyon etib, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlar bilan oʻrtoqlashdilar.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda kasaba uyushmalarining nufuzini oshirish boʻyicha bir qator takliflar bildirdilar.

Mazkur tadbir kasaba uyushmalari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, davlatlararo tajriba almashish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi matbuot xizmati

Print Friendly, PDF & Email